Ustoz musavvir, O‘zbekiston xalq rassomi Bahodir Jalolov asarlari oldidan befarq o‘tib bo‘lmaydi. Uning qahramonlarida ruhiyat, o‘ziga xos fe’l-atvor, taqdir, armonu iztiroblar bor. Bahodir akaning kartinalari umrning bebaho va ayni damda o‘tkinchiligidan, ezgu amallar, yaxshilikning cheksiz koinot kabi mudom abadiyligidan so‘zlaydi. Bu ijodiy ishlar har bir insonni chuqur mushohadaga undaydi. Bahodir akani yoshlar ustoz rassom, mehridaryo ijodkor sifatida g‘oyat hurmat qiladi.
Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofoti sovrindori, taniqli rassom va pedagog Bahodir Jalolov hayoti va ijodiga bag‘ishlangan “Bahodir Jalol: san’at va falsafa uyg‘unligi” mavzusidagi konferensiya, ustozning shogird talabalari bilan birga bajarilgan ijod namunalariga oid "Birlik" nomli ko‘rgazmaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda yurtimizning yetakchi olimlari va madaniyat arboblari ishtirok etdi.

Ko‘rgazma davomida O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti Shavkat Ayupov o‘zining san’at va ilm-fan, matematika o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik haqidagi mulohazalarini bildirdi. U Bahodir Jalolovning galaktikalar, yulduzlar va cheksiz koinot timsollarini aks ettirgan asarlari haqida to‘xtalib, ular zamirida yashiringan tartib, qonuniyat va strukturalar matematikaning nazariy modellariga juda yaqinligini ta’kidladi.
Akademik Shavkat Ayupovning fikricha, badiiy tasvir orqali koinotning ichki tuzilishini ifodalashga urinish bu nafaqat estetik harakat, balki ilmiy izlanishning badiiy shakli hamdir.
Shuningdek, mehmonlar hamda ishtirokchilar “Bahodir Jalolov: san’at va falsafa uyg‘unligi” mavzusidagi konfrensiyaga taklif etildi.
Anjumanda Bahodir Jalolovning san’atga bo‘lgan yondashuvi, uning falsafiy qarashlari va milliy tasviriy san’atdagi o‘rni xususida ilmiy tahlillar o‘rtaga tashlandi. Institut doktorantlari rassom ijodining turli jihatlari xususida atroflicha fikr yuritdi.

Konferensiya doirasida Bahodir Jalolov ijodiga oid videoroliklar namoyish etildi. Ushbu videoroliklarda rassomning mashhur asarlari, ish jarayonlari, intervyulari va ijodiy izlanishlaridan lavhalar jamlangan bo‘lib, ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Bu materiallar orqali Bahodir Jalolovning san’atga bo‘lgan chuqur falsafiy yondashuvi va ruhiy izlanishlari yanada yorqin namoyon bo‘ldi.
Anjuman yakunida Bahodir Jalolov ijodini o‘rganish, uning asarlarini kelajak avlodlarga yetkazish, zamonaviy san’at va falsafani uyg‘unlashtirish yo‘nalishida ilmiy izlanishlarni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.
N.Usmonova, O‘zA