Ustoz jurnalist xotirasiga ehtirom
Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni arafasida Samarqand viloyati Oqdaryo tumanidagi 51-maktabda mazkur ta’lim muassasasi bitiruvchisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Safar Ostonovga xotira lavhasi o‘rnatildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda ustoz jurnalistning oila a’zolari, hamkasblari va shogirdlari, mahalla faollari ishtirok etdi.
– Safar aka o‘zbek jurnalistikasining tajribali, hozirjavob va mahoratli vakillaridan biri edi, – dedi “Oqdaryo ovozi” gazetasi muharriri Yo‘lchi Muhammadiyev. – Gazeta tahririyatlarida, davlat idoralarida ishlaganida ham o‘tkir feleton va tanqidiy maqolalari bilan jamiyat hayotidagi muammolar, nozik masalalarni ham mahorat bilan qalamga olardi. Bu borada u kishidan ko‘p narsa o‘rganganmiz. Muhimi, Safar aka o‘z tajribalarini yoshlarga o‘rgatib, ko‘plab shogirdlar tayyorladi, ular bugun mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarida, rahbarlik vazifalarida ishlab kelmoqda.

Tadbirda Safar Ostonovning hayoti va ijodiy faoliyatining ibratli jihatlari haqida shu kabi fikrlar bildirib, uning jurnalistika sohasidagi munosib o‘rni va xizmatlari alohida ta’kidlandi.

Shuningdek, marhum ijodkorning hayoti va ijodiy faoliyatini aks ettiruvchi fotosuratlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri