Ustoz ijodkorlar asarlari ko‘rgazmasi
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan tashkil etilgan Tasviriy va amaliy san’at haftaligi Vatanimiz mustaqilligining 30 yilligi hamda 2021 yil – “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”ga bag‘ishlangani bilan ahamiyatlidir.
Respublika ixtisoslashtirilgan dizayn maktabi o‘qituvchilarining amaliy san’at ko‘rgazmasi ham tomoshabinlarga g‘oyat manzur bo‘lmoqda.
Ushbu ko‘rgazmada amaliy san’atning bir nechta turlari – kashtachilik, kulolchilik, naqqoshlik, yog‘och o‘ymakorligi, zargarlik buyumlari va boshqalar namoyish etilmoqda.
Asar mualliflari O‘zbekistondagi ko‘plab maktablarning an’analarini saqlab qolgan holda, shuningdek, dizayn sohasidagi yangi shakllar va zamonaviy tendensiyalar bilan tajriba o‘tkazishdan cho‘chimasligini o‘z ijodiy ishlarida yana bir karra namoyish etmoqda. Xususan, kashtachilik va zardo‘zlikda faoliyat olib borayotgan o‘qituvchilar Go‘zal Nuridinova, Gulnora Azimova va zargarlik san’ati o‘qituvchisi Bobur Muhammedovlarning ijodida buni yana bir bor ko‘rishimiz mumkin.
Yuriy Kimning sopoldan ishlangan kompozitsiya syujetlari Sharqqa xos kinoyali kuzatuvlar asosida yaratilgan.
Umuman olganda, Respublika ixtisoslashtirilgan dizayn maktabi dizayn sohasidagi yangi kashfiyotlardan voz kechmasdan “Ustoz va shogird” an’analarini saqlab kelmoqda.
N.Usmonova, O‘zA