O‘zbekiston Respublikasi “Hunarmand” uyushmasi raisi Rasuljon Mirzaahmedov Andijon viloyatida bo‘lib, andijonlik hunarmand usta, kulolchilar sulolasining 14-avlodi Mirzabahrom Abduvahobov xonadonidagi ustaxonada bo‘ldi.
Kulolchilik xalq hunarmandchiligining qadim turlaridan biri hisoblanadi. Yurtimizdagi ko‘plab usta kulollar tomonidan kulolchilikning o‘ziga xos an’analari asrlar osha davom ettirib kelinmoqda. Kulolchilik hunari, san’atini davom ettirib kelayotgan usta kulollardan biri, andijonlik Mirzabahrom Abduvahobovdir.
Oltinko‘l tumani Jalabek qishlog‘ida yashovchi Mirzabahrom Abduvahobov O‘zbekiston “Hunarmand” uyushmasi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi qoshidagi badiiy ijodkorlar uyushmasi, YUNESKO qoshidagi xalq amaliy san’ati an’analarini targ‘ib etish markazi a’zosidir. U mamlakatimiz va xalqaro miqyosdagi ko‘plab tanlovlar g‘olibi, xalqaro ko‘rgazmalar ishtirokchisi sifatida milliy kulolchilik san’atimizni dunyoga tanitib kelayotgan usta kulollardan biri sanaladi.
Respublika “Hunarmand” uyushmasi raisi Rasuljon Mirzaahmedov boshchiligida bir guruh hunarmand-ustalar Mirzabahrom Abduvahobovning ustaxonasida bo‘lib, usta tomonidan oddiy loydan bejirim va nafis sopol buyumlarning tayyorlanish jarayonlari, usta tayyorlagan mahsulotlar namunalari bilan tanishdi.
Mazkur ustaxona “Hunarmand” uyushmasi Andijon viloyati boshqarmasi ko‘magida ta’mirlanib, ustaxonada samarali faoliyat yuritish uchun zarur barcha sharoitlar yaratib berilgan.
Usta kulol mehmonlarga o‘zining faoliyati, keyingi yillarda yaratgan kulolchilik mahsulotlari haqida gapirib berdi.
[gallery-19656]
Uchrashuv doirasida Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilib, YUNESKO amalga oshirayotgan “Markaziy Osiyodagi Ipak yo‘li merosi yo‘laklari – Yevropa madaniy meros yilining xalqaro ko‘lami” loyihasi doirasida usta kulol Mirzabahrom Abduvahobovga elektr xumdon va kulollik charxi topshirildi.
– Men butun faoliyatim davomida milliy kulolchilik san’atimiz an’analarini rivojlantirishga, butun dunyoga targ‘ib etishga harakat qildim, – deydi M.Abduvohobov. – Faoliyatimni qo‘llab-quvvatlash uchun yangi jihozlar berilganligidan behad mamnunman. Ishonchim komilki, kulolchilik san’ati an’analari asrlar osha yashayveradi.
Usta kulol ayni kunda “Ustoz-shogird” an’anasi asosida farzand va nabiralariga, shogirdlariga kulolchilik hunari sirlarini o‘rgatib kelmoqda.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.