Vatanimiz tarixidagi 16 may sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1182 yil (bundan 843 yil oldin) – kotib Chalabiyning ma’lumot berishicha, Faqix Qozixon taxallusi bilan mashxur bo‘lgan Abulmahosin Faxruddin Qozixon o‘zining “Fatovoyi Qozixon” asarini yozishni boshladi. Fakihni mashxur qilgan ushbu asar manbalarda “al-Fatovo al-xoniyya yoki “al-Xoniyya” nomlari bilan xam keltiriladi. “Fatovoyi Qozixon” – xanafiy mazxabida yozilgan, mo‘’tabar va keng tarkalgan fatvo kitoblaridan biri bo‘lib, u usmoniylar hukmdori Sulton Sulaymon Qonuniy (1494–1566) davrida bosh shariat manbasi bo‘lib xizmat qilgan.
Mazkur asar o‘sha vaqtda Qoraxoniylarning markaziy shaxarlaridan biri hisoblangan Buxoroda ta’lif etilgan. Faxruddin O‘zgandiy ushbu asari orkali Irok va Movarounnaxr faqixlari chiqargan fatvolarni qiyosiy o‘rgangan. Asar mavzularni yoritish uslubi jixatidan oldingi fiqxiy asarlarga qaraganda ravon yozilgan. Kitobda o‘rta asr Movarounnahr markaziy shaharlariga doir muhim tarixiy voqealardan lavhalar ham aks etgan. Uni Rumlik Muhammad Safiy tartibga solgan. Qozixonning Fatovosini Axi Chalabiy Tuqotiy laqabi bilan shuhrat topgan Mavlo Yusuf bir jild qilib qisqartirib Sulton Boyazidga topshirgan.
1457 yil (bundan 568 yil oldin) – temuriyzoda Abulqosim Mirzoning o‘g‘li Shoh Mahmud Mirzo Hirot dorussaltanasiga kirib, taxtga o‘tirdi. Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, Abulqosim Bobur Mirzo vafot etgach, uning arkoni davlati va yaqin kishilari 12 yoshli Shoh Mahmud Mirzoni Mashhadda shoh deb e’lon qiladilar. Shundan o‘n kun o‘tgach, Shoh Mahmud Mirzo poytaxt Hirot tomon yo‘lga chiqadi. Yo‘l asnosida Marvga jo‘natilgan elchi Shayxzoda kelib, Marv hokimi Sanjar Mirzo Shoh Mahmud Mirzoga bo‘ysunishdan bosh tortayotganini ma’lum qiladi. Shuningdek, Hirotdan Ixtiyoriddin qal’asida mahbuslikda yotgan Sulton Ibrohim Mirzoning qal’adan qochganligi haqidagi xabar keladi. Bu vaqtda Sulton Ibrohim Mirzo o‘z qo‘shini bilan Murg‘ob suvidan kechib, Hirotga kelayotgan edi. Shoh Mahmud Mirzo o‘z qo‘shini bilan Hirotni tashlab Mashhadga jo‘nab ketadi. Ammo yo‘lda Sulton Ibrohim qo‘shiniga duch kelib, qattiq jang bo‘ladi. Jangda Shoh Mahmud Mirzo mag‘lubiyatga uchrab, Mashhadga qochadi.
1550 yil (bundan 475 yil oldin) – Buxoro xoni Abdulazizxon vafot etdi. Lekin uning o‘rniga xon qilib ko‘tarilgan Muhammadiyor sulton (Shayboniyxonning nabirasi, Suyunch сuлтоннинг o‘g‘li) hokimiyatni qo‘lda tutib qololmadi. O‘sha yiliyoq Abdulazizxonning ta’ziyasi uchun kelgan Pirmuhammadxon kutilmaganda Buxoro тахтини egalladi. Lekin uning hukmronligi ham uzoqqa бормади. Oradan bir yilcha o‘tgach, 1551 yili Toshkent hokimi Baroqxon va Samarqand hokimi Abdulatifxon ittifoqlashib, Buxoro taxtini egallash uchun qo‘shin tortdilar.
1917 yil (bundan 108 yil oldin) – siyosiy, iqtisodiy, adabiy va ijtimoiy “Sho‘roi islom” gazetasining birinchi soni nashrdan chiqdi. Uning muharriri – Qozonda chiqadigan “Yulduz” gazetasining sobiq ijodiy xodimi Abdulboriy Battol edi. Gazeta mas’ul kotibligiga Ismoil Obidiy, ijodiy xodimlikka sayyoh jurnalist Nushiravon Yovushev qabul qilingan. Gazetaning shiori: “Yashasin muxtoriyatli xalq jumhuriyati!” bo‘lgan. Gazetaning asosiy maqsadi aholining siyosiy va ijtimoiy faolligini oshirishdan iborat edi. Gazetada siyosiy-ijtimoiy maqolalar, Toshkent xabarlari, shuningdek, “Sho‘roi islom” tashkiloti qabul qilgan qarordar bosilgan. “Sho‘roi islom” gazetasi 1917 yil iyunda moddiy muammolar tufayli o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan.
2001 yil (bundan 24 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Qizilqum fosforit konlarini kompleks o‘zlashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2006 yil (bundan 19 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi faoliyatini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2017 yil (bundan 8 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida qizilmiya ildizini ishlab chiqarish va uni qayta ishlashni ko‘paytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2018 yil (bundan 7 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ugom-Chotqol davlat biosfera rezervatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2023 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA