Toshkent viloyati nuroniylari sardori Akram Po‘latovich Alimov hayot bo‘lganida 100 yoshga to‘lardi.

Bu odam haqida to‘lqinlanmay, hayajonlanmay so‘z aytib bo‘lmaydi! Akram Po‘latovich Yangiyo‘l tumaniga birinchi rahbar bo‘lib tayinlanganida qirchillama qirq yoshni qarshilagan edi. Lekin shu yoshida u Ikkinchi jahon urushi janggohlarini boshdan-oyoq bosib o‘tgan, “urush ko‘rgan” yigit edi...
Toshkent shahrida mashhur temirchi oilasida uchinchi farzand bo‘lib dunyoga kelgan Akramjon tirikchilik tashvishida ertayu-kech tinmaydigan otasining ustaxonasida temirchilik bosqonini bosishni juda erta boshlagan bolakay bo‘lib o‘sdi. Maktabni tugatishi esa 1941 yil — urush boshlanishi kunlariga to‘g‘ri keldi.
Tibbiyot olamining yetuk mutaxassisi bo‘lish haqidagi orzulari yuragida armon bo‘lib qoldi. O‘rta maktabni oltin medal bilan tugatgan Akramjon Toshkent davlat Tibbiyot institutiga imtihonsiz qabul qilingan bo‘lsa-da, o‘qishni davom ettirish unga nasib qilmadi. Urushning dastlabki kunlaridanoq harbiy xizmatga chaqirilgan akasi Ikromjon avval “bedarak” ketgan bo‘lsa, keyinchalik “qora xat” kelgach, Akramjon oilani qo‘llab-quvvatlashga majbur bo‘lib, shahardagi Bolalar uyiga yetakchi (pioner vojatiy) bo‘lib ishga kirdi. Tezda “yosh o‘qituvchi” ham bo‘ldi. Biroq 1942 yil, 18 yoshida harbiy xizmatga chaqirilib, o‘sha kunlari jahannamga aylangan “Kursk — Oryol” yo‘nalishidagi frontda avval oddiy jangchi va bir necha oydan keyin yefreytor unvonida qirg‘inbarot janglarga kirdi!
Urushni jangovar saflarda tugatgan yefreytor 1947 yilda ko‘ksida “Qizil yulduz”, 1-darajali “Shon-sharaf” va shu kabi bir qancha orden-medallar bilan uyiga qaytdi. Urushga qadar bir muncha muddat bolalar tarbiyasi bilan shug‘ullangan yigit avvaliga Bolalar uyida bosh yetakchi (bosh pioner vojatiy)-likka tayinlanib, oradan bir yil o‘tar-o‘tmas, sobiq Stalin (hozirgi Shayxontohur tumani) rayonining komsomol qo‘mitasi ikkinchi kotibligiga, yana bir yildan keyin Frunze (hozirgi Yakkasaroy tumani) rayoni komsomol qo‘mitasining birinchi kotibligiga saylandi.
Yoshlar bilan ishlashdek mas’uliyatli sohada anchayin suyagi qotgan Akramjon 1952 yilda O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasi qoshidagi 3 yillik partiya maktabiga o‘qishga qabul qilindi. 1952-1955-yillar partiya maktabida olingan ta’lim Akramjonning siyosiy hayotida katta zamin yaratdi. Bu paytda partiya maktabida O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy qo‘mitasining birinchi kotibi Amin Ermatovich Niyozov, Respublika Oliy Soveti Prezidiumining raisi Sharof Rashidov, Ministrlar Sovetining raisi Nuriddin Akramovich Muhiddinov kabi salohiyatli davlat arboblari vaqti-vaqti bilan ma’ruza o‘qirdilar. Yosh kadrlarning davlat arboblari bilan bunday yuzma-yuz uchrashuvlari ikki tomonlama foydali edi: yoshlar ulardan davlat tizimiga oid jonli ma’ruza va suhbatlar tinglash baxtiga muyassar bo‘lishsa, o‘z navbatida, respublika rahbarlari ham bo‘lajak salohiyatli kadrlarni kashf etardilar.
Shu uchrashuvlar samarasi o‘laroq, ko‘pgina yoshlar hayotida tub burilishlar yuz bergani sir emas. Shunday salohiyatli kadrlar safida yosh partiya xodimi Akram Alimov ham bor edi. Partiya maktabini bitirishi bilan, u o‘sha davrning yuksak ishlab chiqarish quvvati hisoblangan Ohangaron MTSiga partiya tashkilotchisi, ikki yildan keyin Ohangaron rayon partiya qo‘mitasiga ikkinchi kotib va oradan bir yil o‘tib, 1959 yil o‘rtalarida Ohangaron shahar qishloq xo‘jaligi kotibligiga saylandi.
— Bu vazifaga tayinlanish va ish jarayonida hayotimdagi burilish voqeasi yuz berdi, — deb hikoya qilgan edi o‘sha kezlarda Akram Po‘latovich entikib, — men Sharof Rashidov bilan suhbatlashishdek baxtga muyassar bo‘ldim. Respublika Birinchi kotibligiga saylangan Sharof Rashidovich hamda Markazqo‘mning o‘sha yillardagi qishloq xo‘jaligi bo‘yicha kotibi bo‘lgan Normuxammad Jo‘rayevich Xudoyberdiyev mening hayotimda katta rol o‘ynadilar.
1960-1961 yili Akram Po‘latovich Alimov rasman “Sharof Rashidov jamoasi”ga qo‘shildi, u O‘zkompartiya Markaziy qo‘mitasi Tashkiliy-partiyaviy bo‘limiga mas’ul tashkilotchi qilib ishga olindi. Bu bo‘lim bevosita partiya kadrlarini tanlash va joy-joyiga qo‘yish bilan shug‘ullanar va shaxsan Sharof Rashidov rahbarligida ishlardi.
“Urush ko‘rgan yigit” Markazqo‘m devorlari orasida uzoq qolib ketmadi. Markazqo‘mda ikki yil partiyaviy tajriba orttirgach, o‘sha baxtli “tasodif” o‘laroq, shaxsan Sharof Rashidovning yo‘llanmasi bilan birin-ketin Toshkent viloyati rayonlarini “zabt” etishni boshladi.
1961-1985-yillar davomida Akram Po‘latovich Kalinin (hozirgi Zangiota), Orjonokidze (hozirgi Qibray), Yangiyo‘l, Yuqori Chirchiq, Parkent rayonlarining birinchi kotibi bo‘lib tanildi. Bu orada 1963-65-yillarda Toshkent oblasti partiya qo‘mitasining kotibi bo‘lib ishlashga ham ulgurdi.
1965-1980-yillar Yangiyo‘l rayonining birinchi rahbari sifatida ishlagan yillarida u hayotida yana bir yorqin o‘zgarishga duch keldi, Akram Alimov xalq orasida “Mirza aka” deb hurmat bilan tilga olinadigan yana bir bebaho ustozlar — Xalqobod agrosanoat birlashmasi bosh direktori Usmon Yusupov, Toshkent oblast partiya komitetining birinchi kotibi Mirzamahmud Musaxonovlar bilan baqamti ishlash baxtiga muyassar bo‘ldi.
Yangiyo‘l tumani nafaqat Toshkent oblastida, balki respublikada yetakchi tumanlardan biriga aylandi. Yangiyo‘l tumanida uch marta Mehnat Qahramoni Hamroqul Tursunqulov, Mehnat Qahramonlari Nazarali Niyozov, Abdulla Ortiqov, Mahmud Ismatov kabi mashhur xo‘jalik rahbarlari boshchilik qilgan “Dehqonchilik maktablari”ga asos solindi. (Uzoq yillik tanaffusdan keyin, Yangiyo‘l dehqonchilik maktabi yana ishga tushganligi haqidagi xushxabar Yangiyo‘l tumanining bugungi sardori Odiljon Ataullayev tomonidan faxri-iftixor bilan matbuotda e’lon qilindi!).
1985 yil katta izzat-hurmat bilan Ittifoq miqyosidagi pensiyaga uzatilgan Akram Po‘latovich Alimov bir kun ham “oyoq cho‘zib” yotgani yo‘q. Umrining so‘nggi o‘n uch yilini, (1988-2001 yillar) Toshkent viloyati “Nuroniylar” (faxriylar) kengashining raisi vazifasida o‘tkazgan tinib-tinchimas inson — Akram Po‘latovich Alimov viloyatning haqiqiy oqsoqoli bo‘ldi.
Toshkent viloyati nuroniylari bugun ham “Urush ko‘rgan oqsoqol”i bilan haqli ravishda faxrlanadilar. O‘zining sermazmun katta hayot yo‘li va bebaho tajribasi bilan mamlakatimiz hayotida chuqur iz qoldirgan nuroniylar sardori zamondoshlari va ayniqsa, yosh avlod uchun bebaho ibrat maktabidir.

Sharof Ubaydullayev,
“Nuroniy” jamg‘armasi respublika Boshqaruvi
raisining birinchi o‘rinbosari.