🏆JCH-2026⚽
Özbek
Ўзбек
Русский
English
French
German
Arabic
Қазақ
Spanish
Chinese
Sönggi yangiliklar

“Urush farzandi”ning qaygʻuli sevgi qissasi

“Urush farzandi”ning qaygʻuli sevgi qissasi
Jamiyat
Tanlaş
12:00 / 30.04.2020

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Oʻlmas Umarbekov asarlarini ehtimol, hamma ham oʻqimagandir.

Gʻalabanng 75 yilligiga 

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Oʻlmas Umarbekov asarlarini ehtimol, hamma ham oʻqimagandir. Ammo “Qiyomat qarz”ni koʻrmagan inson topilmasa kerak.

Bugun adibning “Urush farzandi” qissasini tavsiya qilmoqchiman. Bu asar bir qarashda oddiy sevgi qissasiga oʻxshaydi. Maftunkor Bolgariya, ulugʻvor dengiz, oltin qumlar, bolgar qiziga oshiq boʻlgan oʻzbek yigiti...

Ikkinchi jahon urushining tamom boʻlganiga ham 75 yil boʻldi. 75 yil... Bu bir inson umri. Urush fojialari haqida soʻz ketganida millionlab insonlarning halok boʻlgani, fashistlar tomonidan vayron qilingan shahar-qishloqlar, oʻt ostida qolgan dalalar va mislsiz jasorat koʻrsatgan qahramon jangchilar tilga olinadi, raqamlarda baholanadi. Bular haqida manbalarni istagancha topishingiz mumkin.

Oʻquvchilik yillarimizda tarix kitoblarining kattagina qismi Ikkinchi jahon urushiga bagʻishlangan edi. Urush mardlik maydoni edi. Filmlarni aytmaysizmi?! Qoʻltiqtayoqdagi jangchini koʻrganmiz, boshi bint bilan oʻralgan yaradorlarni koʻrsatishardi, gullarga burkangan muzaffar jangchilar, baxtiyor qiz-juvonlar... Kalta yubkali, boshiga qiyshiq qoʻndirilgan pilotkali hamshira qizlar jang maydonidan yaradorlarni olib chiqishardi, biz koʻrib ulgʻaygan filmlarda.

Urush haqiqatlari ancha keyin qalqib chiqa boshladi. Shunda ham hammasi emas. Ammo shular ham Ikkinchi jahon urushining bor fojialarini anglab yetish uchun yetarli edi. Vokzallarda, bozorlarda tilanchilik qilib kun koʻrayotgan qoʻlsiz-oyoqsiz mayib-majruhlar haqida hech qanday film olinmagan, badiiy asarlar bitilmagan. Jamiyat tomonidan taqdir hukmiga itqitib tashlangan sobiq jangchilar sovet voqeligiga zid holat edi.

“Urushda yarim inson, yarim yirtqich boʻlishing kerak. Boshqa yoʻl bilan tirik qolish imkoni yoʻq. Faqat inson boʻlsang – tirik qolmaysan. Kallang ketadi... Varshavagacha bordim. Butun yoʻlni piyoda bosdik... Yer bagʻirlab bordik... ortiq soʻramang... Urush haqidagi... qahramonlar toʻgʻrisidagi kitoblarni yoqtirmayman... Kasal, yoʻtal tutgan, uxlamagan, kir-chir, aftoda bir holda yoʻl bosardik. Koʻpincha och-nahor... Ammo gʻalaba qozondik”.

Bu parcha belarus adibasi Svetlana Aleksiyevichning “Urushning ayoldan yiroq qiyofasi” hujjatli asaridan olindi. Bu qaysi jinsga mansub insonning xotirasi deb oʻylaysiz? Albatta, erkak shunday xotirlashi mumkin. Men ham dastavval buni jangchi erkak xotirasi deb oʻyladim. Ammo... Bu ayolning xotiralari, avtomatchilar vzvodining komandiri Lyubov Ivanovna Lyubchikning xotiralari. Aynan ana shunday haqiqatlari uchun bu asar uzoq yillar nashr etilmadi, nashriyotlar tomonidan rad etildi, sovet jangchi ayollari shaʼniga nomunosib deyildi.

Ammo sovet jamiyatida urushning bor azobini erkaklar bilan bab-baravar tortgan ayollar oʻz vaqtida munosib ehtirom koʻrgan emas. Ularning katta qismiga suyuq­oyoqlardan ham past nazar bilan qaraldi. Taqdirlari urushning davomidek tinch hayotda barbod boʻldi. Bular haqida hujjatli manbalar mavjud.

Urush yillarida yana bir toifa ayollar bor edi. Bular fashistlar tomonidan bosib olingan hududlarda himoyasiz qolgan ayollar edi. Himoyasiz ayollar... Dushman qoʻl ostida haqsiz-huquqsiz, himoyasiz ayollar... Ayrimlari dushmandan farzandli boʻldilar. Va bu bolalarning taqdiri... Ular butun umr tavqi-laʼnat ostida qoldilar, onalari bilan.

Ha, 1945-yilda tamom boʻlgan urush shu tariqa insonlar hayotida davom etdi. Bugun bu narsalarga ishonish qiyin. Ammo juda koʻp insonlar ana shunday alamli taqdir bilan yashab oʻtdilar.

Nima uchun mavzudan chiqib ketganimga hayron boʻlyapsizmi? Yoʻq, mavzudan chetga chiqdim, deb oʻylamayman. Agar sevimli adibimiz Oʻlmas Umarbekovning “Urush farzandi” qissasini oʻqish istagi tugʻilsa, uning mazmun-mohiyatini chuqurroq anglashingizni istadim, xolos.

Qissa qahramoni Azizning kasbi agronom. Otasi urushda halok boʻlgan, singlisi va onasi bor. U kasbi taqozosiga koʻra birmuncha vaqt Bolgariyada ishlaydi. Shu yerda sohibjamol Anna-Mariyani uchratib qoladi.

Qissadan oʻqiymiz: “Men xuddi kapalakka oʻxshayman. Umri qisqa, kichkina kapalak... U guldan bu gulga qoʻnaman. Ammo bittasida ham qoʻnim topolmayman. Tikan kirgandek, sakrab boshqasiga oʻtaman... Anna-Mariya gʻamgin jilmaydi”.

Yosh, pariruxsor, koʻrgan borki goʻzalligiga maftun boʻlib qoladigan qiz nega gʻamgin tortadi?

Oʻqiymiz: “Siz xuddi oyimga oʻxshab gapirasiz. U ham doim shunday deydi. Keyin yigʻlab qoʻshib qoʻyadi: «Sen mening baxtimsan, sen xursand boʻlsang, men xursand boʻlaman, tinch boʻlaman”. Uning baxtli emasligini allaqachon bilganman, men uning tashvishiman, meni bilganlarning hammasiga tashvishman... Mana kecha ham tashvish orttirdim».

Eʼtibor bering-a: “Men uning tashvishiman, meni bilganlarning hammasiga tashvishman...”

Aynan shu soʻzlarda Anna-Mariya­ni yetti-sakkiz yoshlaridan beri taʼqib qilib kelayotgan dardni, urush allaqachon tugagan esa-da, uning aybsiz aybdori boʻlgan ikki insonning malomatlar ichra halovatsiz, huzursiz kechgan hayoti aks etgan. Eng achinarlisi, bu birgina Anna-Mariya va onasining taqdiri emas edi.

Yetti-sakkiz yoshli qizaloq hayotida nima yuz bergan edi? Onasidan, oʻrtoqlaridan, oʻzidan uyaltirgan bu qanday kuch edi?

Ayni shu yoshida qizaloq ilk marta shafqatsizlarcha taʼnaga nishon boʻldi: «Ha, fashistning urugʻi! Oʻzingni koʻrsatyapsanmi... Oying yaxshi ertak toʻqibdi. Borib soʻra, yubkasining tagida yashagan nemis kim ekan!

Bu birgina bolqon ayolining fojiali hayoti boʻlmagan. Bunday taqdirlar bepoyon sovet davlatida ham bisyor edi.

Sovet davlati internatsional doʻstlikni targʻib qilar edi. Turli millatlar oʻrtasida tuzilgan nikohlar haqida olamshumul voqea kabi bong urilardi. Ammo Anna-Mariya kabi urush farzandlarini tan olmasdi. Ezgulikdan jar soldi-yu, urush farzandlarini shafqatsiz taʼna-malomatlar iskanjasida yashashiga yoʻl qoʻydi.

Sevimli adibimiz bundan juda yaxshi xabardor boʻlgan. Ehtimol, shuning uchundir asar qahramoni etib bolqon qizini tanlagan. Va oʻzigagina xos nazokat bilan urushning ulkan fojialaridan birini sevgi qissasida mahorat bilan koʻrsatgan.

Aziz oʻquvchi, bu goʻzal va qaygʻuli sevgi qissasi nima bilan yakun topganini bilishni istaysizmi? Albatta, istaysiz. Unda adib Oʻlmas Umarbekov qissalari bilan javoningizdagi javohirlar sonini yana bittaga koʻpaytiring. Mutolaa zavqi sizni tark etmasin.

“Vatanparvar” gazetasi muxbiri