Urush dahshatlari hali-hamon unutilgan emas...
Oradan qariyb 80 yil o‘tgan bo‘lsa-da, urush dahshatlari hali-hamon unutilgan emas.
Osoyishtalik uchun shirin jonini o‘rtaga qo‘yib kurashgan, yov ustidan g‘alabani ta’minlash uchun ajal bilan hamqadam yurib, olov kechgan bobolarimiz bizning kunlar uchun tirik xotira, XX asrning unutilmas qahramonlaridir. Ularni asrash, ardoqlash va ehtirom ko‘rsatish an’ana tusiga kirgan.
Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar Parlamenti a’zosi, xalq deputatlari Navoiy shahar Kengashi deputati Sh.Sharopov Navoiy shahar «Guliston» MFYda istiqomat qiluvchi Kamol bobo Xidirov hamda Anna Zininalar xonadonida bo‘lib, ularni yaqinlashib kelayotgan g‘alaba kuni bilan qutladi.

Bu ikki urush odamlari ham o‘z o‘rnida front orti mashaqqatlari, ko‘rgan-kechirganlari, urush tufayli yosh boshlariga tushgan ko‘rgiliklar haqida so‘zlab, dorilamon kunlar saodatining qadriga yetish kerakligini aytishdi.
Urush faxriylari uyiga deputat bilan birga borgan 14-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilari she’r va qo‘shiqlar aytib, bayramona kayfiyat ulashdi.
Shuningdek, deputat tomonidan ularga samimiy dil izhorlari va bayram sovg‘alari tortiq etildi.
M.Pirnafasova,
O‘zLiDeP Navoiy viloyati matbuot kotibi