Urug‘lik paxta yetishtirish bo‘yicha seminar
Surxondaryo viloyati Angor tumanida “Zamin Angor klaster” MCHJning urug‘lik paxta maydonlarida o‘quv-amaliy seminar o‘tkazildi.
Seminarda Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “O‘zagroinspeksiya”ning Surxondaryo viloyat boshqarmasi, viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi va ularning tuman bo‘limlari boshliqlari hamda sohaga aloqador bo‘lgan boshqa tashkilot vakillari ishtirok etdi.
Surxondaryo viloyatida 2024 yil hosilidan urug‘lik paxta yetishtirish huquqiga ega bo‘lish uchun tender tanlovidan o‘tgan 211 nafar sub’ektning 7 684 gektar maydonida urug‘lik paxta yetishtirish uchun g‘o‘zaning yuqori avlodli navlari parvarishlanmoqda.
Bugungi kunga qadar ushbu maydonlarda mutaxassislar tomonidan uch marotaba monitoring tadbirlari o‘tkazilib, 260 gektar maydon kasallik va zararkunandalar bilan zararlanganligi, begona o‘t bosganligi va boshqa sabablarga ko‘ra urug‘lik olish uchun yaroqsiz deb topildi.

Endigi vazifa kelgusi yil hosili uchun urug‘lik paxta olinadigan maydonlarni tanlab olishdir.
O‘quv- seminarda 2024 yil paxta hosilidan viloyatning tuproq-iqlim sharoitiga mos, tezpishar, serhosil, kasallik va zararkunandalarga chidamli navlardan tanlab olish bo‘yicha barcha qishloq xo‘jaligi tizimidagi tashkilotlarga, asosan viloyat va tumanlarda urug‘lik olinadigan maydonlarda aprobatsiyani o‘tkazish bo‘yicha tuzilgan komissiya a’zolariga tegishli topshiriqlar yetkazildi.
M.Pirmatova, O‘zA