Urug‘chilik sohasida xalqaro hamkorlik rivojlanmoqda
Urug‘chilikni rivojlantirish markazi direktori Bunyod Mamarahimov Xitoy Xalq Respublikasi Shinjon qishloq xo‘jaligi akademiyasining paxtachilik ilmiy tadqiqot instituti olimlari delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv avvalida mehmonlarga urug‘chilik markazining faoliyati va amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumot berildi. B.Mamarahimov joriy yilda Xitoy bilan amalga oshirilayotgan mahalliy g‘o‘za navlari hamda ko‘sak qurtiga chidamlilikni ta’minlovchi Bt geni mavjud xorijiy g‘o‘za navlarining urug‘chiligini tashkil etish borasida qilinayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.


Xitoylik olimlar kelgusida o‘zaro hamkorlik asosida urug‘chilik korxonasini tashkil etish taklifini bildirdi. Tomonlar hamkorlikning amaliy natijalari haqida o‘zaro muloqot qildi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA