Dehqon o‘z dalasiga baraka urug‘ini qadar ekan, albatta katta rejalar tuzadi. Orzu-umidlari ro‘yobi uchun mehnat qiladi, peshona teri evaziga mo‘l hosil olishni istaydi. Qaysidir tanishidan yoki bozorlardan urug‘lik sotib oladi, uni ekadi, parvarishi uchun sarf-harajat qiladi. Biroq ko‘p holatda ana shu urug‘likning sifatsizligi va iqlim sharoitga mos emasligi yoxud ekilgan yer maydonlari tuproq-iqlim sharoitiga to‘g‘ri kelmagani uchun har qancha urinmasin ko‘zlangan maqsadiga erisha olmas edi. Bu muammo albatta tezda hal etilishi, sohada aniq bir tizimni yo‘lga qo‘yish zarurati allaqachon yuzaga kelgandi.
Joriy yilning 7 iyul kuni davlatimiz rahbarining “Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘liklarining sifatini baholash tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–109-sonli farmoni qabul qilindi.
Mazkur hujjat orqali qishloq xo‘jaligi sohasida urug‘chilik tizimini ilmiy, ochiq va samarali yo‘nalishda rivojlantirishga qaratilgan bir qator tub islohotlar belgilab berildi.
Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi qoshida “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash markazi” davlat muassasasi tashkil etilib, bu yo‘nalishda vakolatli organ etib belgilandi.
Endilikda urug‘liklarni baholash va sertifikatlash tizimi qayta shakllantiriladi. Ularning biologik, agronomik va fitosanitar sifati xalqaro standartlarga muvofiq baholanadi. Bu jarayon davlatdan mustaqil tashkilotlar va litsenziyalangan laboratoriyalar orqali amalga oshiriladi. Har bir urug‘lik partiyasi raqamli nazoratga olinadi va yagona identifikatsiya raqami biriktiriladi. Ularning sinov natijalari va sertifikatlari yagona elektron platformada saqlanadi. Bu esa soxta urug‘liklar muomalasiga barham beradi, fermerlarga aniq ma’lumot taqdim etadi va javobgarlikni oshirish imkonini yaratadi.
Farmon bilan hududiy sinov punktlari va ilmiy markazlar faoliyati kuchaytirilmoqda. Agro va iqlimiy sharoitlarni inobatga olgan holda zonalashtirilgan urug‘lik sinovlari yo‘lga qo‘yiladi. Ilmiy-tadqiqot muassasalari va hududiy sinov punktlari o‘rtasida amaliy hamkorlik kengaytiriladi. Sertifikatlash amaliy hosildorlik ko‘rsatkichlariga asoslanadi. Shu bilan birga mutaxassislarni tayyorlash tizimi zamonaviylashadi.
Sifatsiz urug‘liklarga qarshi qat’iy choralar ko‘riladi. Sertifikatsiz yoki sifatsiz urug‘liklarni ishlab chiqarish va sotish holatlariga nisbatan moliyaviy javobgarlik, ma’muriy choralar va zarurat tug‘ilganda favqulodda tekshiruvlar belgilandi. Shu bilan birga, ishonchli va sifatli urug‘lik tarqatayotgan korxonalar davlat tomonidan rag‘batlantiriladi.
Eksport salohiyatiga ega urug‘chilik rivojlantiriladi. Xorijiy talabga javob beruvchi navlarni yaratish, xalqaro sertifikatlash tizimi va logistika mexanizmlarini rivojlantirish choralari ko‘riladi. Urug‘lik eksporti bilan shug‘ullanadigan korxonalarga soliq imtiyozlari va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari taqdim etilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, mazkur farmon orqali O‘zbekistonda urug‘chilik sohasida sifat, shaffoflik va samaradorlikni ta’minlaydigan, xalqaro standartlarga mos zamonaviy tizim joriy etilmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Z1Ialnjg2Uw" title="Urug‘chilik sohasida islohotlar zarur edi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Nishonboy Abduvoyitov, O‘zA