2019 yil Ursula fon der Lyayen Yevropa Komissiyasi raisi sifatida ish boshlaganda “Yashil bitim” rejasini ustuvor yo‘nalish sifatida e’lon qilgan edi. Ushbu tashabbus bilan Yevropani 2050 yilgacha iqlimi toza qit’aga aylantirish maqsad qilingan, iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi, transport kabi muhim sohalarda tub o‘zgarish yasash nazarda tutilgan.
Ko‘pchilik mutaxassislar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan bu strategiya dastlab ezgu niyatga yo‘g‘rilgan, istiqbolli edi. Afsuski, 2024 yildan vaziyat keskin o‘zgardi. Ko‘pchilikda “Ursulaga nima bo‘ldi? U nega o‘zgarib qoldi? Yoki uning haqiqiy yuzi endi ko‘rinayaptimi? qabilidagi savollar paydo bo‘la boshladi.
Fon der Lyayenning birinchi raislik muddati Yevropa miqyosida alohida e’tiborga tushgan. O‘sha paytlari uning maqsadi ham shunga yarasha edi. Masalan, ekologiya muammolarini bartaraf etish va saratonga qarshi kurashish tashabbusi uning siyosiy portretini shakllantirgan. Ya’ni, dastlab u nafaqat iqlim himoyachisi, balki sog‘liqni saqlash sohasini rivojlantirishga bel bog‘lagan rahbar sifatida gavdalandi. Ayniqsa, saratonga qarshi kurash uchun juda ko‘p miqdorda pul ajratildi. Binobarin, Yevropa Komissiyasi raisligiga ikkinchi muddat saylangan Ursula xonimning shijoati esa avvalgidek emas: 2024 yil saraton bilan bog‘liq tadbirlar uchun 115 million yevro yo‘naltirilgan bo‘lsa, joriy yil bu ko‘rsatkich 60 million yevroga qisqartirilgan.
Boshida yevropaliklarda qat’iy umid uyg‘otgan “Yashil bitim” g‘oyasi hozir negadir rasmiy hujjatlardan g‘oyib bo‘lgan. So‘nggi byudjet taklifida bu atama umuman tilga olinmagan, boshqa sohalarga esa e’tibor oshgan: xususan, Yevropa geosiyosiy vaznini oshirish uchun mudofaa sanoatini qo‘llab-quvvatlashga. Xullas, harbiy tizimga yetarli mablag‘ ajratildi, mudofaa xaridi rag‘batlantirilmoqda.
Fon der Lyayenning bu tariqa o‘zgarishi siyosiy muhitda shubha va muhokamaga sabab bo‘ldi. 2019 yildagi “yashil iqlim malika”ligidan u endi “temir mushtli boshqaruvchi”ga aylandi, deyishmoqda. Ayni ish yuritish uslubi so‘zi va ishi boshqa siyosatchinikiga qiyoslanmoqda. Ehtimol, “Yashil bitim” boshdanoq orzuga qurilgan siyosiy dekoratsiya bo‘lgandir? Yoki geosiyosiy voqelik rejalarni o‘zgartirib yubordimi? Nima bo‘lgan taqdirda ham bir narsa aniq: u oldingi Ursula emas.
Ba’zi siyosiy tahlilchilar hozirgi vaziyat faqat shaxsiy emas, balki butun Yevropa siyosiy kursi o‘zgarishini anglatadi, deyishmoqda. Ya’ni, Bryussel, umuman, “yashil reja”dan “harbiy reja”ga o‘tmoqda. Tabiiy savol tug‘iladi: bu – rivojlanishmi yoki ortga ketish?
<iframe width="640" height="480" src="https://www.youtube.com/embed/Pl4p98UVgaA?si=HobrORXikHbmM-of" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA