Urologik xastaliklarni davolash yangi bosqichga ko‘tariladi
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash, Ta’lim va ilm-fan vazirliklari hamda Andijon davlat tibbiyot instituti hamkorligida Andijon davlat tibbiyot institutida “Urologik kasalliklarni davolashga innovatsion yondashuv” mavzusida xorijiy olim va mutaxassislar ishtirokida respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda yurtimizdagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida, tibbiyot markazlarida faoliyat olib borayotgan, shuningdek, xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan urologiya sohasi mutaxassislari - professor-o‘qituvchilar, yosh olimlar, talaba yoshlar ishtirok etdi.
Anjuman ochilishida Andijon davlat tibbiyot institutining Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Kamoliddin Salohiddinov so‘z olib, institut rektorining anjuman ishtirokchilariga tabrigini o‘qib eshittirdi. Shuningdek, mamlakatimizda tibbiy xizmat sifati va saviyasni yuksaltirish, soha xodimlarining kasbiy bilim, malaka, mahorat va tajribalarini oshirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligini ta’kidladi.


Anjumanning plenar yig‘ilishida Urologiya bo‘yicha respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Shuhrat Muxtorov anjumanning ahamiyati, mamlakatimizda urologiya sohasida erishilayotgan yutuqlar hamda zamonaviy diagnostika va davolash usullarini amaliyotga keng joriy etish masalalari xususida gapirdi.
Shuningdek, sohadagi zamonaviy yutuqlar, kasalliklarni erta aniqlash va davolashning innovatsion usullari, ilg‘or tibbiy tajribalar hamda xalqaro hamkorlik istiqbollari atroflicha muhokama etildi.


Anjumanda mamlakatimiz urologlaridan tashqari, Rossiya Federatsiyasi, Germaniya, Pokiston, Qirg‘iziston singari qator davlatlaridan 50 nafardan ziyod yetakchi olimlar, malakali mutaxassislar ishtirok etib, o‘zlarining ilg‘or tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
– Mamlakatingizda sog‘liqni saqlash tizimiga ko‘rsatilayotgan e’tibor baland ekan, – deydi anjuman ishtirokchisi, Rossiya Federatsiyasi Shimoliy-G‘arbiy davlat tibbiyot universiteti tasarrufidagi shifoxona bo‘lim mudiri, Yevropa urologlar assotsiatsiyasi a’zosi Oleg Burlaka. – Ayniqsa, jarrohlik sohasini rivojlantirish, urologik xastaliklarni davolash borasida olib borilayotgan ishlar, davolashda ilg‘or tajribalar, fan yutuqlaridan samarali foydalanish tizimining shakllanganligi O‘zbekiston tibbiyotining ilmiy salohiti yuqori ekanligini ko‘rsatadi.
Kunning ikkinchi yarmida anjuman o‘z ishini “Tibbiyotning muhim masalalari” mavzusida seksiyalar doirasida davom etdi. Ishtirokchilar tomonidan ma’ruzalar hamda mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish, sifati va samaradorligini oshirish yuzasidan muhim takliflar va mulohazalar bildirildi.

Anjuman doirasida Andijon davlat tibbiyot institutining bir guruh vakillariga Markaziy Osiyo xalqlari tarixi instituti va Turon fanlar akademiyasi tomonidan ta’sis etilgan “Buyuk xizmatlari uchun” hamda “Scientific Academy” ilmiy-ma’rifiy markazining “Ta’lim sohasidagi fidoyi xizmatlari uchun” xalqaro esdalik nishonlari topshirildi.
Har jihatdan samarali va foydali o‘tgan mazkur anjuman urologik xastaliklarni davolashni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga, mutaxassislarning o‘zaro tajriba almashishi, bilim va malakalarni yuksaltirishga xizmat qildi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri