Urmaviyning kashfiyoti – sharqona nota yozuvi tarixi
Musiqa insoniyatning o‘zi kabi qadimiy hamrohi bo‘lsa-da, uni qog‘ozga tushirish, ya’ni ovozni yozuv orqali abadiylashtirish masalasi madaniyatlar tarixidagi eng murakkab vazifalardan biri bo‘lib kelgan.
Keng tarqalgan qarashga ko‘ra, go‘yoki Sharq xalqlarida, jumladan Markaziy Osiyoda ham, zamonaviy ma’nodagi nota yozuvi mavjud bo‘lmagan va murakkab musiqiy asarlar faqatgina ustozdan-shogirdga og‘zaki ravishda o‘tib kelgan. Biroq, tarix sahifalarini chuqurroq o‘rganish bu qarashni butunlay o‘zgartirib yuboradigan, hatto o‘z davri uchun muhim hisoblangan kashfiyotlar mavjudligini ko‘rsatadi. Gap XIII asrdayoq yaratilgan va o‘sha davr Yevropasidan ancha ilgarilab ketgan mukammal nota tizimi haqida bormoqda.
Sharqda musiqa nazariyasining poydevori IX– XIII asrlarda yashab o‘tgan buyuk mutafakkirlar tomonidan qo‘yilgan. Kindiy, Abu Nasr Forobiy va Abu Ali ibn Sino kabi qomusiy olimlarning asarlarida ovoz, intervallar, pardalar va ritm haqidagi ta’limotlar chuqur tahlil qilingan. Ayniqsa, Forobiyning “Musiqa haqida katta kitob” asari bu sohada tub burilish yasadi. Uning musiqa nazariyasini tushuntirish uchun ishlab chiqqan jadvallari, garchi to‘liq nota yozuvi bo‘lmasa-da, ovozlarni tizimli qayd etishga bo‘lgan ilk jiddiy urinishlar edi. Bu ilmiy zaminsiz XIII asrdagi kashfiyotning dunyoga kelishi mumkin emas edi.
Buyuk yangilik musiqa nazariyotchisi va bastakori Safiuddin Abdulmo‘min Urmaviy (vafoti 1294 yilda) nomi bilan bog‘liq. U o‘zidan avvalgi olimlarning nazariy yutuqlarini amaliyot bilan bog‘lab, musiqani yozib olishning ikkita o‘zaro bog‘liq tizimini yaratdi. Uning birinchi tizimi harfiy nota yozuvining o‘ziga xos ko‘rinishi edi. Bunda musiqiy tovushlarning baland-pastligi ud sozining pardalariga mos keluvchi arab alifbosi harflari bilan, tovushlarning takrorlanish soni esa ularning ostiga qo‘yilgan raqamlar bilan ifodalangan. Bu usul muayyan bir ritmik o‘lchov (“saqili avval”) doirasidagi kuyni yozib olishga imkon berardi. Bu allaqachon katta qadam edi, lekin Urmaviy bu bilan cheklanib qolmadi.
Urmaviyning ikkinchi va eng mukammal kashfiyoti – bu “nota-jadval” (tabulatura) tizimidir. Musiqashunos olim, san’atshunoslik fanlari doktori Ishoq Rajabovning yozishicha, bu tizim G‘arbda XV asrda paydo bo‘lgan shu turdagi yozuvlardan nafaqat ikki asr oldin yaratilgani, balki o‘z mukammalligi bilan ham ulardan ustun turgan. Urmaviy jadvali besh qatordan iborat bo‘lib, har bir qator musiqiy asarning turli jihatlarini qayd etish uchun mo‘ljallangan edi. Birinchi qatorda harflar orqali tovushlarning balandligi (notalar) ko‘rsatilgan. Ikkinchi qatordagi nuqtalar esa tovushlarning cho‘zimi, ya’ni ritmni ifodalagan. Bu ikki qatorning o‘ziyoq kuyni to‘liq qayta tiklash uchun yetarli edi.
Ammo Urmaviyning dahosi shundaki, u kuyning faqat ohangi va ritmini emas, balki uning ijrosiga oid barcha nozikliklarni ham qayd etishga intilgan. Jadvalning uchinchi qatorida kuyning tonalligidagi o‘zgarishlar (modulyatsiya), to‘rtinchi qatorida esa ijro uslubiga oid dinamik belgilar (masalan, “baland”, “past”, “jarangdor”) ko‘rsatib o‘tilgan. Nihoyat, beshinchi qatorda asarning she’riy matni bo‘g‘inlarga ajratilgan holda joylashtirilgan. Bu tizim, aslida, bir parcha kuyning balandligi, ritmi, tonal o‘zgarishlari, dinamikasi va matnini bir vaqtning o‘zida ifodalay oladigan mukammal partitura (ko‘p ovozli musiqa asarida hamma qismlarning mamui) edi. Urmaviyning bu jadvali shunchaki nazariy mashq bo‘lmay, balki murakkab musiqiy asar bo‘lgan “Muxayyari Husayniy” maqomining bir qismini yozib olish uchun amalda qo‘llanilgan.
Safiuddin Urmaviyning bu kashfiyoti Sharq musiqashunosligi tarixidagi yakka hodisa bo‘lib qolmadi. Uning an’analari keyingi davrlarda ham, garchi uzilishlar bilan bo‘lsa-da, davom etganini ko‘rish mumkin. Masalan, XIX asrning ikkinchi yarmida mashhur musiqachi va shoir Komil Xorazmiy tomonidan yaratilgan Xorazm nota yozuvida ham Urmaviy tizimiga xos ba’zi unsurlar, xususan, tovushlar cho‘zimini nuqtalar orqali ifodalash usuli uchraydi. Bu esa mintaqada musiqani yozib olish bo‘yicha chuqur ildizlarga ega an’ana mavjud bo‘lganidan dalolat beradi.
Shunday qilib, tarixiy manbalar XIII asrdayoq nafaqat musiqani yozib olish, balki uning barcha ijro komponentlarini qamrab oluvchi murakkab va mukammal tizim yaratilganini isbotlaydi. Safiuddin Urmaviyning nota-jadvali Sharq ilm-fani va san’atining yuksak cho‘qqisi, o‘rta asrlar musiqa nazariyasining amaliy ifodasidir. Bu kashfiyot bizga maqom singari murakkab musiqiy meros qanday ilmiy asoslarga tayanganini anglash imkonini beradi va madaniy tarix haqidagi tasavvurlarimizni yanada boyitadi.
Alisher Egamberdiyev, O‘zA