Bugun dunyoda energiya resurslariga talab tobora oshmoqda.
Lekin tabiiy gaz, ko‘mir yoki boshqa resurslar behisob emas, cheklangan. Shu sababli muqobil energiya manbalaridan foydalangan holda ehtiyojni qondirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ko‘plab davlatlarda quyosh, shamol va boshqa manbalardan energiya ishlab chiqarish keng ommalashgan. Chiqindidan biogaz olish ham ana shunday zamonaviy texnologiyalardan biri hisoblanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda biogaz ishlab chiqarishning 60 dan ortiq turi mavjud. Ular orasida keng tarqalgani maxsus uskunalarda organik moddalarni bijg‘itish usulidir. Qishloq sharoitida bu usul orqali kichik hajmdagi biogaz qurilmalarini o‘rnatish juda qulay.

Urgutlik tadbirkor Alijon Temirov ana shu talab va ehtiyojni o‘rganib, biogaz qurilmalari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi.
– Xitoyda har bir xonadonda biogaz ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan, – deydi “UZBIOGAZ” MCHJ rahbari Alijon Temirov. – Ular organik chiqindilardan unumli foydalanib, avvalo o‘z ehtiyoji uchun biogaz ishlab chiqaradi, qolaversa bu ishni tadbirkorlikka aylantirganlari ham bor. Ushbu davlatga borib, bu tajribani o‘rgandim, xitoylik mutaxassislar bilan gaplashdim va keyin shunday qurilmalarni o‘zimizda ishlab chiqarishni boshladim. O‘zimiz sinab ko‘ryapmiz, foydansa bo‘lar ekan.
Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan Urgut tumanida uy sharoitida foydalanish uchun quvvati 15 m3 reaktorga ega boʻlgan biogaz qurilmalarini ishlab chiqish, tijoratlashtirish loyihasiga “UZBIOGAZ” MCHJga 510 mln. soʻm mablagʻ ajratilgan. Yangi 5 ta ish oʻrni yaratildi.

Mutaxassislarning fikricha, har bir qoramol chiqindisidan bir kunda 4,2 kub metrgacha biogaz olish mumkin. Boshqacha aytganda, bitta qoramol chiqindisidan olinadigan kunlik biogaz qariyb 10 kilogramm yog‘och-o‘tin yoki 5 kilogramm ko‘mir energiyasiga to‘g‘ri keladi. Tumanning Dehqonobod mahallasida yashovchi Chingiz Barotov yaqinda xonadonida kichik hajmdagi biogaz qurilmasi o‘rnatgan edi. Hozirgi kunda ushbu qurilma orqali o‘nga yaqin qoramol chiqindisidan biogaz ishlab chiqarib, o‘z xonadonida foydalanmoqda. Shuningdek, mahalla hududidagi 150 o‘ringa mo‘ljallangan bog‘chaga ham biogaz yetkazib bermoqda.
G‘.HASANOV, O‘zA