FOTOREPORTAJ
Xorazm viloyati Urganch shahridagi Jaloliddin Manguberdi harbiy akademik-litseyida Mustaqil davlatlar hamdo‘stligiga a’zo davlatlarning harbiy-akademik litsey va maktablari o‘quvchilari o‘rtasida matematika fani bo‘yicha xalqaro olimpiada o‘tkazilmoqda.
Mustaqil davlatlar hamdo‘stligiga a’zo davlatlar mudofaa idoralarining kelishuviga asosan harbiy litseylar o‘quvchilari, oliy harbiy ta’lim muassasa kursantlari hamda harbiy sportchilar o‘rtasida o‘tkazib kelinayotgan fan olimpiadalari va sport musobaqalari eng sara o‘quvchilar va kursantlarni aniqlash va rag‘batlantirish, harbiy ta’lim sohasida o‘zaro tajriba almashish hamda o‘sib kelayotgan yosh avlod vakillarining raqobatbardosh, intellektual salohiyatli bo‘lib voyaga yetishini ta’minlash kabi asosiy maqsadlarga yo‘naltirilgan.
[gallery-16878]
MDH davlatlari harbiy litsey va maktablarining o‘quvchilari o‘rtasida aniq fanlarga qiziqishini oshirish, ularning intellektual salohiyatini rivojlantirish hamda o‘zaro bahslashish imkonini berayotgan bugungi matematika fani bo‘yicha xalqaro olimpiadada O‘zbekiston, Rossiya, Belarus va Qozog‘iston davlatlaridan iqtidorli o‘quvchilar ishtirok etmoqda.
Mamlakatimiz sha’nini bu yil Mudofaa vazirligiga qarashli ikkita harbiy litsey, ya’ni Urganchdagi Jaloliddin Manguberdi nomidagi harbiy-akademik litsey hamda Farg‘onadagi “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi jamoalari himoya qilmoqda.
Olimpiada MDHga a’zo davlatlarning harbiy akademik litseylari va maktablarining 8-, 9-, 10- va 11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida tashkil etilib, har bir yo‘nalishda 8 nafar ishtirokchidan tashkil topgan jamoalar shakllantirilgan.
O‘zbekiston va Qozog‘istonda harbiylashgan davlat maktablari mavjud bo‘lmagani bois, 8- va 9-sinf harbiylashgan maktablari o‘rtasidagi bahslarda faqat Rossiya va Belarus davlatlari jamoalari bellashmoqda. 10-sinflar o‘rtasidagi aql bellashuvida esa 5 ta hamda 11-sinflar o‘rtasidagi bellashuvda 4 ta jamoa qatnashmoqda.
Olimpiada dasturi doirasida o‘quvchilar o‘rtasida sport musobaqalari, Xorazm viloyatining diqqatga sazovor joylariga sayohat hamda madaniy tadbirlar o‘rin olgan.
Behzodbek SAIDOV(surat),O‘zA