Urganchda yangi ishlab chiqarish loyihasiga start berildi
Mahsulotlar turini ko‘paytirish orqali ichki va jahon bozorini sifatli mahsulot bilan ta’minlash mamlakat iqtisodiyotida muhim o‘rin egallaydi.
Urganch shahridagi “ARTON” kompaniyasi tomonidan umumiy qiymati 12 million dollar bo‘lgan, yiliga 200 ming kub metr avtoklav gazobeton bloklari ishlab chiqarish loyihasiga start berildi.
Qurilishda foydalaniladigan ushbu mahsulot Urganch shahridagi 4,7 gektar maydonda joylashgan. Loyiha qiymati 12 million AQSH dollari. Yangi ish o‘rinlari 200 tani tashkil etadi. Undagi zamonaviy uskunalar raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish imkonini beradi. Bu esa sifatli xalqaro standartlarga javob beradigan mahsulotlar tayyorlashga zamin yaratadi. E’tiborlisi, mahsulot ishlab chiqarishda mahalliy xomashyodan foydalaniladi.
[gallery-13642]
– Ushbu mahsulot g‘isht o‘rnini bosuvchi, ekologik toza qurilish ashyosidir, – deydi loyiha rahbari Abdusalom Abidov. – Hozirgi kunda dunyodagi rivojlangan davlatlarda bunyodkorlik ishlarida ushbu mahsulotdan keng foydalanilmoqda. Chunki, ertaga ushbu materialdan qurilgan bino egalari energiyaga ketadigan juda katta miqdordagi mablag‘ni, shu bilan birga quruvchilar ham qurilish xomashyosini tejashi mumkin.
Avtoklav gazobeton bloklari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan ushbu zavodda ishlab chiqarilgan mahsulotlar ichki bozorga va chetga ham eksport qilinishi rejalashtirilgan.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov(surat), O‘zA muxbirlari.