Yurtimizning har bir go‘shasida yer bilan tillashib, tuproq unumdorligining hadisi olgan tajribali dehqonlar, fermerlar va tomorqachilar safi kun sayin ortib bormoqda.
Xorazm viloyati Urganch tumanidagi “Adolat” mahallasida dehqonchilikning hadisini olgan mirishkorlar ko‘p.
Bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o'rinbosari, O’zLiDeP fraksiyasi rahbari, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Aktam Haitov, senatorlar, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va viloyatdagi tegishli boshqarma hamda tashkilotlar rahbarlari mazkur mahalladagi xonadonlarda bo‘lib, ularning tomorqasi bilan tanishdilar.
“Adolat” mahallasida 595 ta xonadonda 926 ta oila mavjud bo‘lib, ularda to‘rt mingdan ziyod kishi istiqomat qiladi. Mahalladagi xonadonlarning deyarli barchasida uy tomorqasi mavjud, undan samarali foydalanishmoqda. Bundan tashqari mahalla ahlining 232 tasida qo‘shimcha tomorqa, 319 tasida issiqxonalar mavjud.
Ko‘katchilik yo‘nalishida yetishtirilgan tomorqa mahsulotlari nafaqat mamlakatimizdagi ichki bozorlarda, balki, MDH davlatlari, Rossiya, Qozog‘iston Respublikasida ham munosib o‘ringa ega.
Mahalladagi tomorqachilarning boy tajribasini boshqalarga ham o‘rgatish, ularning yerdan samarali foydalanish borasida amaliy ishlarini targ‘ib etish maqsadida Askar Babajanov xonadonida o‘quv seminari tashkil etildi.
Mazkur xonadon egasi ko‘p yillardan beri ko‘katchilik bilan shug‘ullanib, tomorqasidan yiliga 4 marta hosil oladi. Ko‘katlarni ichki bozordan tashqari, chet davlatlarga ham eksport qiladi.
− Yer mehnat qilgan insonni albatta qadrlaydi, xonadon sohibi A.Bobojanov. − Yerga mehr bilan ishlov bersangiz, barcha agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va to‘g‘ri amalga oshirsangiz albatta yaxshi hosil olasiz. Misol uchun, mahalliy go‘ngning o‘zini yerga tashlasa tuproq unumdorligini oshirmaydi.
Aksincha, begona o‘tlarning ko‘payishiga olib keladi. Men esa asosan yer unumdorligini oshirishda ana shu go‘ngni yerga ko‘mib qo‘yish orqali mahalliy o‘g‘itga aylantiraman. Ma’lum muddatdan so‘ng tayyor bo‘lgan foydali va bezarar qorishmani yerga sepaman. Shukurki, yiliga 4 marta hosil olamiz. Oilaviy daromadimiz yiliga o‘rtacha 40-50 million so‘mni tashkil qiladi.
O‘quv seminarida ishtirokchilar qishloq xo‘jaligida tuproq unumdorligini oshirishda zarur bo‘lgan ko‘plab bilim va tajribalarga ega bo‘ldi.
− Biz aholimizni ko‘proq o‘z yeridan samarali foydalanishda, bir marta olayotgan hosilini 3-4 martaga oshirib, tomorqasidan topayotgan daromadini ham shunga yarasha ko‘paytirishimiz zarur, − deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri, O’zLiDeP fraksiyasi rahbari, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Aktam Haitov. − Buning uchun ularni zarur agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida bajarishga o‘rgatishimiz, yetishtirgan mahsulotlarini sotishlari va eksport qilishlari uchun zarur sharoitlarni yaratishimiz ham kerak. bugungi kabi master-klasslar, o‘quv-seminarlarini tashkil qilish esa bunda muhim ahamiyatga ega.
Seminar davomida aholi tomonidan ko‘tarilgan muammo va takliflar ham atroflicha o‘rganildi. Mahalla faollari tomonidan bildirilgan taklifga asosan ushbu mahallada dala do‘konlari va mineral-o‘g‘it sotish shaxobchalari “Tomorqa xizmati” MCHJ tomonidan qurib beriladigan bo‘ldi.
Shuningdek, aholining mahalla va Urganch shahri o‘rtasida avtobus qatnovini yo‘lga qo‘yish borasidagi murojaati va uning yechimi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Abdulla Ruzmetov tomonidan deputatlik nazoratiga olindi.
Bu kabi o‘rganishlar Xorazm viloyati bo‘ylab davom etmoqda.




Ahmadjon SHOKIROV, O‘zA