Xitoyning “Zhongtong” kompaniyasida ishlab chiqarilgan yangi avtobuslarning taqdimot tadbirida viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimov, transport vaziri o‘rinbosari Mamanbiy Omarov ishtirok etib, viloyatda aholiga transport xizmati ko‘rsatishni yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, yangi loyihalar haqida gapirdi.
Shaharga joriy yil oxirigacha ushbu rusumdagi avtobuslardan yana 30 tasi keltiriladi. Natijada 16 ta yo‘nalishda 148 ta avtobus harakatlanib, har kuni 136 ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi. Muhimi, shaharda yo‘lovchi tashish hajmi ikki barobardan ziyod ortadi va qatnovlarning oraliq intervali 18 daqiqadan 10 daqiqaga qisqaradi.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilari “Bunyod yo‘lovchi tashish” MCHJda yangidan qurilgan binoda tashkil etilgan avtomatlashtirilgan dispetcherlik xonasida “Intelektual transport tizimi boshqaruvi” dasturiy ta’minoti bilan yaqindan tanishtirildi.
Bugungi kunda Urganch shahrida 17 ta yo‘nalish mavjud bo‘lib, 138 ta avtobus 60 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi.
– Brutto shartnoma deb yo‘nalishlarda cheklangan tariflarda yo‘lovchi tashish xizmatlari uchun bosib o‘tilgan yo‘l va sifat mezonlaridan kelib chiqqan holda hisob-kitob qilishni nazarda tutuvchi vakolatli organ va tashuvchi o‘rtasida tuzilgan shartnomaga aytiladi, –deydi Xorazm viloyati tansport boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Bekzod Zaripov.
– Urganch shahridagi yo‘nalishlarda hozirgi kunda aholining 25 foiziga, ya’ni 60 mingta yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatilayotgan bo‘lsa, yangi avtobuslar Brutto shartnomasi asosida faoliyat olib borishi natijasida 58 foiz, ya’ni 136 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi. Shuningdek, oraliq intervali 18 daqiqadan 10 daqiqaga qisqartirilib, qatnovlar soni 1024 tagacha oshirilishi kutilmoqda.
[gallery-20432]
Yangi avtobuslar Urganch shahridagi 5 ta yo‘nalishga joylashtirilishi rejalashtirilmoqda.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov(surat),
O‘zA muxbirlari