Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2020 yil 12-13 dekabr kunlari Xorazm viloyatiga tashrifi chog‘ida Xorazm tarixi va madaniyatini nafaqat xalqimizga, balki dunyoning turli burchaklaridan keluvchi sayyohlarga namoyon etish uchun Urganch shahrining markaziy maydonini barpo qilish bo‘yicha toshiriq bergan edi.
«O‘zshaharsozlik LITI» davlat unitar korxonasi instituti tomonidan ishlab chiqilgan loyihaga ko‘ra Urganch shahrining qoq markazida, Al-Xorazmiy hamda Islom Karimov shoh ko‘chalari kesishmasida 500 metr uzunlikdagi yerosti yo‘li qurilib, uning ustiga jasorat va mardlik siymosi, buyuk sarkarda Jaloliddin Manguberdi haykali o‘rnatiladi.
Ikki yuz ming kubga yaqin tuproq ishlari amalga oshirilishini inobatga olsak, bu katta loyiha ekanligi namoyon bo‘ladi. Bu ishlarga mamlakatimizning malakali mutaxassislari jalb etilgan holda o‘zimizda ishlab chiqarilgan mustahkam qurilish materiallaridan foydalaniladi. Shuningdek, xorijiy mutaxassislar ham ekspert sifatida taklif qilinishi mumkin. Loyihani joriy yil yanvar oyida boshlab avgustning o‘rtalarida yakunlash rejalashtirilgan.

Loyihani amalga oshirishda viloyatning iqlim sharoiti, yerosti suvlari sathi, vohaning o‘ziga xos milliy shaharsozligi va ornamentlarini aks ettiruvchi dekarativlar e’tiborga olingan.
– Mazkur loyihani amalga oshirish bo‘yicha konsepsiyani 2020 yil 26 dekabr kuni Prezidentimiz tasdiqlab, qo‘shimcha topshiriqlar ham berdi, – «O‘zshaharsozlik LITI» DUK instituti rahbari G‘olib Majidov. – Markaziy maydon kompozitsiyasining asosi Jaloliddin Manguberdining 25 metr balandlikdagi haykali bo‘lib, u atrofdagi mavjud ma’muriy binolar va teatr binosi bilan uyg‘unlashgan holda joylashtiriladi. Shuningdek, Xorazm tarixining ajralmas qismi bo‘lgan Jaloliddin Manguberdining vatanparvarligi va jasoratiga oid bitiklar yozilgan tosh lavhlar o‘rnatiladi. Maydonni ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlari vohaning iqlimini inobatga olgan holda loyihalashtirilgan bo‘lib, unda kichik me’moriy formalar ham ko‘zda tutilgan.
Shaharning transport yuklamasini yengillashtirish maqsadida soatiga uch yarim ming avtomobilni o‘tkazish qobiliyatiga ega tunnel quriladi. Ta’kidlash joiz mamlakatimiz tarixida birinchi marta viloyat markazida yer osti tunneli barpo etiladi. Tunnel uzunligi 500 metrni, shundan yopiq qismi 260 metr va ikki tomonida 120 metrdan ochiq qismlari ham joy oladi. Yerosti yo‘lining har tomoni ikki qatorli to‘rtta yo‘lakdan iborat bo‘lib, kengligi 17 metrdan ziyodroqni, balandligi esa 5 yarim metrni tashkil qiladi. Shuningdek, Islom Karimov ko‘chasi kesishmasida piyodalar uchun ikkita yer osti yo‘lakchasi ham quriladi.

Urganch markaziy maydoni loyihasiga ming tomoshabinga mo‘ljallangan konsert zali binosi bunyod etilishi ham kiritilgan. Xorazm vohasi milliy raqs san’ati bilan mashhurligini inobatga olib, ushbu binoda yoshlarga raqs sirlarini o‘rgatishga moslashgan zallar va o‘quv xonalari qurilishi rejalashtirilgan.
Hozirgi kunda markaziy maydonda joylashgan Al-Xorazmiy haykali shahar markazining yana bir qismiga, ya’ni Islom Karimov va Pahlavon Mahmud ko‘chalari oralig‘idagi maydonga ko‘chiriladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Al-Xorazmiy haykali ortiga olti qavatli ma’muriy bino qurilishi rejalashtirilgan.
Muxtasar aytganda, shahar markazida loyihalashtirilayotgan maydon shaharliklar va mehmonlar uchun eng ko‘rkam, hushmanzara va bohavo maskan bo‘ladi.
Ahmadjon SHOKIROV, O‘zA