“QS World University Rankings” xalqaro reyting agentligi Osiyo universitetlarining 2025 yil uchun reyting natijalarini e’lon qildi.
Urganch davlat universiteti yuqori natija ko‘rsatib, mintaqadagi yetakchi universitet sifatida e’tirof etildi.
Urganch davlat universiteti ushbu katta nufuzga ega dunyo reytingida 661-680-o‘rindan joy oldi hamda Markaziy Osiyo oliy ta’lim muassasalari orasida 44-o‘rin, Respublikamiz OTMlari ichida esa 11- o‘rinni egalladi.

“QS World University Rankings” xalqaro reytingida bunday natija shunchaki berilmaydi. Bu, avvalo, universitet jamoasining fidoyiligi, professor-o‘qituvchilarning samarali mehnati, shuningdek, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va ta’lim sifatini yaxshilash borasidagi harakatlarining ijobiy samarasidir.
Chunki, QS - Osiyo universitetlari reytingi metodologiyasi universitetlarning o‘quv va tadqiqot sifati, xalqaro hamkorlik darajasi, ilmiy nashrlar soni va iqtibos olish ko‘rsatkichlarini baholashga asoslanadi.

Hozir 30 mingdan ortiq xorijiy va mahalliy talaba tahsil olayotgan oliygoh 8 ta fakultet, 39 ta kafedradan iborat boshqaruv tuzilmasiga ega. Sifatli ta’lim berishdagi ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etish maqsadida AQSH, Germaniya, Malayziya, Hindiston, Sloveniya, Italiya, Rossiya va Fransiya davlatlarining nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan 30 nafar xorijlik professor-o‘qituvchi va mutaxassis o‘quv jarayonlariga jalb qilingan.
Urganch davlat universitetining dunyo universitetlari reytingidagi o‘sishi O‘zbekiston ta’lim tizimi xalqaro standartlarga moslashib, raqobatbardoshligi oshib borayotganidan dalolatdir.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA muxbiri