Unutmaylik, bu dunyo qaytar dunyodir...
Alloh taolo yaratgan barcha mahluqotlar ichida eng azizu mukarrami shubhasiz, insondir.
Alloh taolo yaratgan barcha mahluqotlar ichida eng azizu mukarrami shubhasiz, insondir.
Qurʼoni karimda: “Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik...” (“Isro” surasi, 70-oyat) deb marhamat qilinadi. Shu bois ham, dinimiz ahkomlari, muqaddas kitoblarimizda ibodat, iymon masalalari bilan bir qatorda insonni ulugʻlash, insoniy munosabatlarning oliy darajada boʻlishligi nazarda tutiladi.
Hayotda ota-onamiz, yaqinlarimiz, umuman, atrofimizdagi insonlarning qadriga yetish bilan birga, oʻtganlarni eslash, xotirlash ham har bir banda uchun ham qarz, ham farzdir.
Foniy dunyodan oʻtib ketgan oʻz yaqinlarimiz – marhumlarni doimo yaxshi sifatlar bilan eslash insoniy burchimiz ekanligini aslo unutmasligimiz kerak. Banda har doim oʻtmishga nazar tashlab, undan tegishli xulosalar chiqarishi va shunga muvofiq ish tutishi, turmush kechirishi xayrlidir. Alloh taolo Oʻzining kalomida: “Ayting: “Yerda sayr qilinglar, bas, oldingilar oqibati ne boʻlganini koʻringlar!” (“Rum” surasi, 42-oyat) deb marhamat qiladi. Ushbu oyati karimadan koʻrinadiki, oʻtmishda oʻtgan kishilar hayotini, qilgan ezgu amallarini oʻrganib, yaxshiliklaridan ibrat olib, xatolardan xulosa chiqarib, ularni takrorlamaslikka xarakat qilish kelajakning salohiyatli boʻlishida muhim rol oʻynaydi.
Bu xususda juda koʻp oyat va hadislar vorid boʻlgan. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Dunyodan oʻtganlarning yaxshi sifatlarini eslanglar, ularning yomon sifatlarini aytishdan saqlaninglar” deganlar (Termiziy rivoyati). Demak, inson vafot etgandan soʻng odamlar uni yaxshi sifatlarini eslashi uchun eng avvalo, har bir banda tirikligida Alloh rozi boʻladigan amallarda bardavom boʻlishi, ezgu va xayrli ishlarni boshidan tutishi lozim boʻladi.
Kimki, hayotlik davrida halol va haromga eʼtibor bermasa, insonlarga turli ziyon-zahmatlar yetkazsa, kishilar orasida xar xil ixtilof va fitnalar chiqarsa, albatta, bunday insonni hech bir kimsa yaxshilik bilan eslamaydi. Bu esa oʻsha kabi insonlarni nomai amoliga yozilishi mumkin boʻlgan savoblardan, uning xayrli ishlari, ibratli amallarini eslab, qilinadigan duolardan bebahra qolishni anglatadi.
Oʻtganlarning qabrlarini ziyorat qilish sunnat amallaridandir. Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalom: “Sizlarga qabrlarni ziyoratini taqiqlagan edim. Mana endi qabrlarni ziyorat etavering, zero, u sizlarga oxiratni eslatadi”, dedilar (Termiziy rivoyati). Qabristonga borish, oʻtganlarni ziyorat qilishlikning ham oʻziga yarasha odoblari bor. Mangu oromgohda yotgan marhumlarni oʻylab, ulardan oʻgit va ibrat olishimiz lozim. Zero, ular ham bizlardek yashagan, turli amallarni ado etgan. Bugun esa oramizda yoʻq. Bu har bir insonni shubhasiz, tafakkurga, mulohazaga undaydi. Shu bois ham, qabristonga qadam ranjida qilganimizda ruhimizda, jismimizda oʻzgacha tuygʻular joʻsh uradi. Zotan, Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam: “Oʻlim nasihat olish uchun yetarli hodisadir” dedilar (Tabaroniy rivoyati).
Qabristonni ziyorat qilish chogʻida quyidagilarga alohida eʼtibor berish lozim. Avvalo, qabristonga kirganda: “Sizga salom, ey qabriston ahllari” deya salom berib, xoksorlik bilan kirish lozim, qabrlar oyoq bilan bosilmaydi. Soʻngra marhumlar ruhiga bagʻishlab, Qurʼon tilovati hamda duoyi xayrlar qilinadi. Bu mayyit uchun ham, banda uchun ham xayrlidir.
Unutmaylik, bu dunyo qaytar dunyodir. Biz ajdodlarimiz ruhini shod etib, ularni qanchalik koʻp xotirlasak, farzandlarimiz ham bundan ibrat oladi, qalbida yaxshilik urugʻlari nish uradi. Vaqtlar kelib, oʻtib ketganimizda ular ham bizlarni xotirlab, duoyi xayrda boʻladi, inshaalloh. Paygʻambarimiz alayhissalom hadisi muboraklarida: “Agar bir inson vafot qilsa, uning amali toʻxtaydi (savob ham, gunoh ham yozilmaydi). Faqatgina uchta narsadan unga foyda yetib turadi: (qoldirib ketgan) sadaqai joriya yoki foydali ilm yoxud xaqiga duo qilib turadigan solih farzandlaridan”, dedilar (Muslim rivoyati).
Shu oʻrinda qabristonlarni obod qilish ham har birimizning muqaddas burchimiz ekanligini aslo unutmasligimiz zarur. Yaqinlashib kelayotgan Xotira va qadrlash kuni oldidan karantin qoidalariga amal qilgan holda ajdodlarimiz mangu orom topgan qabristonlarni tozalab, obod qilaylik. Bugungi muborak ramazon kunlarida Alloh taolo barcha oʻtganlarni rahmatiga olib, ularning xaqlariga qilayotgan duolarimizni, qilayotgan xayrli amallarimizni ijobat qilsin. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo boʻlsin, xalqimizni turli ofatu balolardan asrasin.
Sharobiddin MUSABOYEV,
Andijon shahridagi
“Abu Hurayra” jomeʼ masjidi imom-xatibi