Zamonaviylashgan dunyo va ongi taraqqiy etib ketgan odamlar orasida milliy qadriyatlarimiz sekin-asta yo‘qolib bormoqda. Onalar farzandiga alla aytmay qo‘ydi. Jundan ip yigirib gilam to‘qishni ayollarimiz allaqachon esdan chiqardi. Lanka tepish, chillak, arqon tortish o‘yinlari o‘rniga bolalarimiz vaqtini qo‘l telefonda yoki kompyuter xonada o‘yin o‘ynab o‘tkazmoqda. Shunday ekan, milliy qadriyatlarimizni eslash, kerak bo‘lsa, qayta-qayta eslatish bugun har qachongidan ham muhim va dolzarbdir.
Qarshi davlat universiteti o‘qituvchilari va talabalari tomonidan Qarshi shahridagi Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog‘ida tashkil etilgan “Milliy qadriyatlar festivali”da unutilib borayotgan milliy qadriyatlarimiz yana bir bora yodga olindi. Ular tomonidan kelin salom, alla, milliy liboslar ko‘rgazmasi, o‘lan va laparlar, gilam to‘qish, urchuq yigirish, baxshichilik, tosh ko‘tarish, arqon tortish, zargarlik, chillak, qarab tep o‘yini (lanka), kurash, kulolchilik, maqom ansambli, orkestr jamoalarining chiqishlari va rasmlar tanlovi namoyish etildi va bu saylga tashrif buyuruvchilarda o‘zgacha taassurot qoldirdi.
[gallery-17470]
-- Yoshlar faolligini ta’minlashning yana bir muhim yo‘nalishi ular ongida milliy urf-odat va an’analarni shakllantirishdir,--- deydi universitetning Ma’naviy va ma’rifiy ishlarini tashkil etish bo‘limi boshlig‘i Sherzod Akramov. – Mazkur festival yoshlarda milliy tariximiz ko‘zgusi bo‘lgan qadriyat va an’analarga hurmat ruhini uyg‘otishga qaratilganligi bilan ahamiyatli bo‘ldi.
O‘lmas Baratov, Jamshid Norqobilov (surat),
O‘zA muxbirlari