Universitetlar o‘rtasida xalqaro hamkorlik yo‘lga qo‘yildi
Guliston davlat universiteti va AQSHning dunyodagi nufuzli oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalaridan biri — Chikago universiteti qoshidagi TMW Center for Early Learning + Public Health o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur kelishuv GulDUning xalqaro ilmiy-tadqiqot maydonidagi ishtirokini kengaytirish va zamonaviy ilmiy tajribalarni mahalliy tadqiqotlar bilan uyg‘unlashtirishda muhim qadam bo‘ldi.
Hamkorlik doirasida Guliston davlat universiteti SPEAK texnologiyasiga asoslangan xalqaro tadqiqotlar konsorsiumining to‘laqonli ishtirokchisiga aylandi. Loyihaga «Iqtisodiyot» kafedrasi dotsenti, PhD Dostonbek Eshpulatov bosh tadqiqotchi sifatida rahbarlik qilmoqda. Mazkur tadqiqotning asosiy maqsadi 0–5 yoshli bolalarning erta rivojlanishida ota-onalarning bilimi, munosabati va ishtiroki qanday ta’sir ko‘rsatishini o‘rganishdan iborat. Loyiha doirasida TMW markazi tomonidan ishlab chiqilgan SPEAK so‘rovnomasi orqali bolalarning nutq, ijtimoiy-emotsional rivojlanishi, dastlabki STEM ko‘nikmalari, texnologiyalar bilan munosabati va boshqa muhim ko‘rsatkichlari tahlil qilinadi. Shuningdek,tadqiqotda xulq-atvor iqtisodiyoti yondashuvlaridan ham foydalanilib, ota-onalarning qarorlari va kundalik xatti-harakatlari bolalar rivojiga qanday ta’sir qilishi o‘rganiladi. Shu jihatdan, loyiha nafaqat ta’lim va pedagogika, balki iqtisodiyot, ijtimoiy tadqiqotlar va inson kapitali rivoji nuqtai nazaridan ham ahamiyatlidir.
Ayni paytda tadqiqotning amaliy bosqichi Sirdaryo viloyatida davom etmoqda. Guliston davlat universitetining «Iqtisodiyot» kafedrasi tadqiqotchilari tomonidan dala so‘rovlari o‘tkazilib, xalqaro tadqiqot uchun zarur ma’lumotlar to‘planmoqda. Ushbu ma’lumotlar keyinchalik xalqaro tadqiqotlar doirasida tahlil qilinib, erta bolalik rivojlanishiga oid ilmiy xulosalar shakllantiriladi.
— Mazkur hamkorlik universitetimiz uchun nafaqat xalqaro ilmiy aloqalarni kengaytirish, balki zamonaviy tadqiqot metodologiyalarini o‘zlashtirish, ilmiy salohiyatimizni yanada oshirish va olingan natijalarni amaliyotga tatbiq etish nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, erta bolalik rivojlanishi kabi dolzarb yo‘nalishda xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etishimiz mamlakatimizda sohaga oid ilmiy asoslangan yondashuvlarni shakllantirishga xizmat qiladi, — deydi Guliston davlat universitetining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Dilmurod Eshmurodov.
Hamkorlikning ahamiyati faqat tadqiqot natijalari bilan cheklanmaydi. U GulDU olimlari va yosh tadqiqotchilari uchun xalqaro ekspertlar bilan hamkorlik qilish, ilg‘or ilmiy usullarni o‘zlashtirish va global ilmiy loyihalarda ishtirok etish imkoniyatini kengaytiradi.
Kutilayotgan natijalar esa O‘zbekistonda erta ta’lim va bolalar rivojlanishi sohasida samarali dastur va yondashuvlarni ishlab chiqish, ota-onalarning bola tarbiyasiga oid bilimlarini oshirish hamda ilmiy dalillarga asoslangan qarorlar qabul qilish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
GulDU va Chikago universiteti o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan mazkur hamkorlik — xalqaro ilm-fan bilan mahalliy tadqiqotlarni bog‘laydigan, ilmiy natijalarni amaliyotga yaqinlashtiradigan va eng muhimi, kelajak avlod rivojiga xizmat qiladigan muhim tashabbusdir.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri