Universitetda uchrashuv tashkil etildi
“Yoshlar oyligi” doirasida Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev Jizzax davlat pedagogika universiteti talabalari bilan uchrashdi. “Rahbar va yoshlar” uchrashuvida JDPU rektori, oliygohning iqtidorli yoshlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Tadbirda, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligi, yoshlarga hukumat miqyosidagi qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik xususida so‘z yuritildi.
– Talabalar bilan bo‘ladigan har qanday uchrashuv va suhbatlardan kuch-quvvat olaman. Shu davrada menga hayrat va havas bilan boqib turgan o‘g‘il-qizlarning dilidagi maqsad, niyatlaridan xabardor bo‘lish, ularni katta-katta ishlarga safarbar etish, orzu hamda maqsadlarini amalga oshirish uchun ham jonli muloqotlar zarur deb hisoblayman, – dedi Jizzax viloyat hokimi Ergash Soliyev. Universitet hovlisini to‘ldirib o‘tirgan talaba yoshlar uchun bu uchrashuv ularning hayotida muhim burilish yasashi shubhasiz. Chunki ushbu ochiq muloqot tarzda o‘tgan tadbirda talabalarning bergan savollari, bildirgan taklif va mulohazalari shundan dalolat berib turardi. Samimiy ruhda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda universitetning iqtidorli talabalarining taklif-mulohazalari, ularni bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishdagi takliflari, kelajakdagi rejalarini viloyat hokimi diqqat bilan tingladi.


– Bugungi uchrashuv menda iliq taassurot qoldirdi, – deydi JDPU talabasi Sarvinoz Ziyatova. – Rahbarlar bilan yaqindan muloqot qilishga imkon bo‘ldi. Viloyat rahbarining talabalik yillari, ustozlari haqidagi hayotiy voqealari, orzu maqsadlari yo‘lida ko‘rgan-kechirganlarini tinglash biz uchun maroqli bo‘ldi. Jonli muloqot shunchaki o‘tmadi. Qaysidir talaba o‘z ijodidan she’r o‘qisa, yana kimdir qo‘shiq kuyladi, ko‘rgazmaga eng sara rasmlarini olib kelgan talaba esa shu yerning o‘zida rasm chizishni boshladi. Shaxmat-shashka, stol tennisi kabi sport turlarida bellashishga kelganlar ham g‘oliblik uchun astoydil kurash olib bordi.
– “Rahbar va yoshlar” uchrashuviga kelgan talablarning shijoatidan ruhlandim, – deydi universitet rektori Shavkat Sharipov. – Yoshlik bu bebaho va oltin lahzalar. Qilingan mehnat, chekkan mashaqqatning rohati ham bo‘ladi. Men talabalarimizga o‘qing, izlaning, ko‘proq o‘z ustingizda ishlang deyman. Ko‘tarinki ruhda o‘tkazilgan bugungi uchrashuv ham yoshlarga kuch va g‘ayrat, o‘z ishiga shijoat hamda fidoiylik bag‘ishlasa ne ajab.


A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA