Universitetda “Senator va yoshlar” uchrashuvi o‘tkazildi
Guliston davlat universiteti talabalarining “Senator va yoshlar” uchrashuvida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi, “Bek klaster” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qo‘shma korxona rahbari Ulug‘bek Sotiboldiyev bilan muloqot bo‘lib o‘tdi.
Unda “O‘zbekiston uchun 100 loyiha” doirasida iqtidorli talabalar tomonidan tayyorlangan innovatsion loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.
Talabalarning o‘z loyihalari taqdimoti davomida U.Sotiboldiyev har bir loyiha bilan yaqindan tanishdi va yoshlarga zarur tavsiya va ko‘rsatmalar berdi, bir necha loyihalar alohida e’tirof etilib, amalga oshirilishiga yordam ko‘rsatish bo‘yicha kelishib olindi.
Muloqotda mamlakatimizda yoshlar siyosati borasida bugungi kunda amalga oshirilayotgan ishlar, “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” davlat dasturi doirasidagi loyihalar,rejalar, belgilab berilgan vazifalar, tadbirkorlik faoliyatini yuritish, tadbirkorlikning o‘ziga xos xususiyatlari to‘g‘risida so‘z bordi.
[gallery-2100]
– Uchrashuvda talabalar kutilmagan va hayotiy savollar, yangi-yangi taklif va g‘oyalar bilan faol ishtirok etdi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Ulug‘bek Sotiboldiyev.
– Yoshlarimizning ko‘zidagi olov, ulardagi ishtiyoq, yangi-yangi g‘oyalardan hayratlandim va ushbu oliygohda mamlakatimiz iqtisodiyoti yo‘lida yetuk va fidoyi kadrlar kamol topayotganidan g‘urur tuydim.
Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish uchun bu kabi muloqotlar bundan keyin ham muntazam o‘tkazib borilishi maqsadga muvofiq, deya ta’kidlandi va shu kabi uchrashuvlarni muntazam o‘tkazib borishga kelishib olindi.
Tadbir yakunida “O‘zbekiston uchun 100 loyiha” doirasida o‘tkazilgan tanlov va ko‘rgazmalarda yuqori natijaga erishgan magistrant, talaba va professor-o‘qituvchilar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
A.Qayumov, F.Toshmatov(surat), O‘zA