Universitetda ochiq eshiklar kuni
O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida «Ochiq eshiklar kuni» tashkil etildi. Unda universitet professor-o‘qituvchi va talabalari, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarining o‘quvchilari, ota-onalar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida «Ochiq eshiklar kuni» tashkil etildi. Unda universitet professor-o‘qituvchi va talabalari, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarining o‘quvchilari, ota-onalar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.Universitet rektori Sh.Qayumov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yoshlarning jahon andozalari darajasida bilim olishi, qiziqqan sohalari bo‘yicha kasb-hunar egallashi, ijodiy-intellektual salohiyatini namoyon etishi, chet tillarini puxta o‘zlashtirishiga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbarining 1992-yil 12-maydagi farmoniga muvofiq O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining tashkil etilgani mamlakatimizda chet tillarini o‘rganishni yanada rivojlantirish, umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar, oliy ta’lim muassasalari uchun yuqori malakali o‘qituvchilarni tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
– Bugun xorijiy tillarni bilish – zamon talabi. Mamlakatimiz ta’lim tizimida chet tillarini o‘qitish tizimi muntazam takomillashib borayotgani shundan, – deydi universitetning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Hamidullo Hakimov. – Hozirgi kunda o‘quv dargohimizda 6150 ga yaqin talaba ingliz, nemis, fransuz va boshqa o‘nlab chet tillarini puxta o‘rganmoqda. Prezidentimizning 2013-yil 23-maydagi “O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muassasamizda ta’lim jarayonini xalqaro o‘qitish standartlariga moslashtirish, zamonaviy pedagogik texnologiyalarni keng joriy etish talabini oldimizga qo‘ydi. Shu bois Britaniya kengashi mutaxassislari bilan hamkorlikda “Ingliz tili o‘qituvchilarini tayyorlashning yangi dasturi”ni ishlab chiqdik va faoliyatimizga keng tatbiq etdik. Universitetimiz qoshida chet tillarni o‘qitishning innovatsion metodikalarini rivojlantirish respublika ilmiy-amaliy markazi, ko‘plab til o‘qitish markazlari faoliyat olib bormoqda. Bugungi tadbir jarayonida o‘qituvchi va talabalarimiz ta’lim dargohimizda olib borilayotgan bu kabi ishlar haqida qiziqqanlarga batafsil ma’lumot berdi.
Tadbirda kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar bitiruvchilari uchun professor-o‘qituvchilar tomonidan universitetda mavjud barcha ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ochiq darslar tashkil etildi.
– Tadbirda qatnashganimdan xursandman, – deydi Toshkent davlat sharqshunoslik instituti qoshidagi Yunusobod akademik litseyi o‘quvchisi Bahodir Abdullayev. – Ushbu ta’lim muassasasining ingliz tili filologiyasi fakultetida o‘qishni dilimga tukkanman. Bu yerda puxta ta’lim olish uchun barcha sharoit muhayyo ekan. Universitet chet tillarni o‘rganib, dunyo yoshlari bilan bo‘ylashishni istagan barcha yigit-qizlarni «O‘qiyman desang, kelaver» deya o‘ziga chorlab turibdi.
Tadbirda talabalar ishtirokida universitet bilan hamkorlik o‘rnatgan AQSh, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Ispaniya va boshqa yigirmadan ortiq mamlakat xalqlarining tarixi, turmush tarzi, madaniyati va urf-odatlari haqida ma’lumot beruvchi taqdimotlar, badiiy chiqishlar, sahna ko‘rinishlari, kuy-qo‘shiq va raqslar namoyish etildi.