Universitetda “Kitobxonlikka targ‘ib” loyihasi
O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida “5 muhim tashabbus” doirasida “Kitobxonlikka targ‘ib” loyihasi tashkil etildi.
Unda universitetning barcha fakultetlari talabalari ishtirok etib, hozirgi kundagi eng bestseller kitoblarni o‘qishmoqda. Xususan, Jorj Oruellning “1984” romani, Jeyms Klirning “Atom odatlar” hamda Lev Tolstoy qalamiga mansub “Anna Karenina” kitoblariga qiziqish yuqori ekani diqqatga sazovor.

Inson kamoloti va bilimining manbai kitob bilan bog‘liq. U insonni komillik sari yetaklaydi. Darhaqiqat, bu ma’naviy sarchashma farzandlarimizning dunyoqarashini boyitadi, nutqini o‘stirib, xotirasini mustahkamlaydi.
Kitob maslahatchi, sadoqatli hamrox, eng yaqin do‘st va bebaho boylik hisoblanadi. Bola tarbiyasida uning o‘rni muhim. Millatning ma’naviy-ruhiy dunyosini kitobga munosabati, kitobxonlik darajasiga qarab ham aniqlash mumkin. Jahon madaniyatiga munosib hissa qo‘shgan ajdodlarimiz erishgan betakror yutuqlarning sababi ham kitob mutolaasidir. Shu bois yurtimizda aholining kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish masalasiga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.
Shu jihatdan talaba-yoshlar o‘rtasida ham kitobxonlikni keng targ‘ib qilishda bu kabi loyihalarning o‘rni beqiyos.

Nasiba Elibekova, O‘zA