Universitetda hindiy tili kuni nishonlandi
19 yanvar kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Mahatma Gandi nomidagi hindshunoslik markazida Hindiston Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi hamkorligida “Xalqaro hindiy tili kuni” nishonlandi.
Tadbirda Hindiston Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Manish Prabhat, La’l Bahodur Shastri nomidagi Hindiston madaniyat markazi direktori Chandra Shekxar, universitet hindshunos professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etdi. Shuningdek, tadbirda Hindistondan Markaziy hindiy tili instituti direktori o‘rinbosari Anil Sharma onlayn tarzda qatnashdi.
Mehmonlarga talabalar ishtirokida hind tilida ijodiy chiqishlar va sahna ko‘rinishlari, hind musiqasi va milliy qo‘shiqlari namoyish etildi.
Tadbirda hindshunos olimlar U.Muhibova va T.Xo‘jayeva hammuallifligida elchixona homiyligida nashr etilgan “Hindiston adabiyoti” nomli monografiyaning takdimoti bo‘lib o‘tdi. Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori Gulchehra Rihsiyeva mazkur kitobning mohiyati haqida so‘zlab, shu yo‘nalishda elchixona bilan tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilganini ta’kidladi. Jumladan, hozirgi kunda Hindiston elchixonasi ko‘magida nashrga tayyorlanayotgan hind mumtoz shoiri Mirzo G‘olib qalamiga mansub “G‘olib devoni” g‘azallar to‘plami haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
Ta’kidlash joiz, bu Hindiston elchisi Manish Prabhatning Toshkent davlat sharqshunoslik universitetiga ikkinchi bor tashrifidir. (http://uza.uz/oz/society/tdshu-khal-aro-amkorlik-talim-sifatini-oshirishga-khizmat-il-23-10-2020). Bu Hindiston elchixonasining mazkur oliy o‘quv yurti faoliyatiga berayotgan katta e’tiboridan dalolat.
Uchrashuvda elchi janoblari TDSHUda hindshunoslikni rivojlantirish va ommalashtirishga qaratilgan tadbirlar muntazam o‘tkazilayotganini hamda mazkur tadbirda ishtirok etayotgan yosh hindshunoslar Hindistonga borib, ushbu mamlakatni chuqur o‘rganishda elchixona o‘z yordamini ayamasligini alohida ta’kidladi.
Ma’lumot o‘rnida, TDSHU hindshunos professori Ulfat Muhibova 2021 yil yanvar oyidan hind olimlari tomonidan dunyoda hind tilini rivojlantirish, ommalashtirish maqsadida tashkil etilgan "Butunjahon hindiy tili oilasi" tashkilotiga O‘zbekistondan a’zo sifatida qabul qilindi.
Elyor Mahmudov,
TDSHU xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori