Sarhisob
Prezidentimiz tashabbusi bilan keyingi yillarda mamlakatimizda oliy ta’limni isloh qilish, o‘qitish tizimini xalqaro talablar darajasiga olib chiqish, ta’lim dargohlari ilmiy salohiyatini yuksaltirish, malakali mutaxassislar tayyorlash, olib borilayotgan ilmiy va ilmiy-tadqiqot ishlari sifati va samaradorligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada universitetimizda ham professor-o‘qituvchilar, yosh olimlar, iqtidorli talabalarning ilmiy-tadqiqot ishlarini qo‘llab-quvvatlash, ta’lim maskanimiz ilmiy salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan tizimli ishlar olib borilmoqda.
Ayni paytda universitetimizda bakalavr yo‘nalishida 48 ta mutaxassislik bo‘yicha 18 ming 652 nafar talaba, 17 ta ixtisoslik bo‘yicha 213 nafar magistr, shuningdek, 34 ta ixtisoslik bo‘yicha 217 nafar stajor-tadqiqotchi, tayanch doktorant va doktorant tahsil olmoqda. Mavjud 34 ta kafedrada 795 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat olib boradi. Ulardan 48 nafari fan doktori, 209 nafari fan nomzodi, falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega.

Bugungi kunda universitet huzurida 7 ta ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash faoliyat ko‘rsatmoqda. Jumladan, 2023 yilda tegishli ixtisosliklar bo‘yicha 35 ta falsafa doktori, 6 ta fan doktori dissertatsiyasi muvaffaqiyatli himoya qilindi. Shuningdek, ilmiy kengashi tavsiyasiga ko‘ra, universitetda faoliyat olib borayotgan o‘qituvchilardan 11 nafariga professor, 31 nafariga dotsent ilmiy unvoni berildi.
Birgina o‘tgan yilning o‘zida professor-o‘qituvchilarimiz va iqtidorli talabalarimiz tomonidan 36 ta monografiya, 52 ta darslik, 171 ta o‘quv-uslubiy qo‘llanma yaratildi. Shuningdek, 1 ta patent, 43 ta axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga oid dastur va elektron ma’lumotlar bazalari uchun guvohnomalar olindi.
Universitetda bajarilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarini jonlantirish, xususan, fundamental va innovatsion tadqiqotlar bo‘yicha loyihalar tayyorlash ko‘lami, sifatini oshirish maqsadida mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalari hamda fanlar akademiyasining yetakchi olimlari, Fan va texnologiyalarni muvofiqlashtirish va boshqa ilmiy markazlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
O‘tgan yili O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda dunyoning qator nufuzli oliy ta’lim dargohlari bilan hamkorlikda 6 ta xalqaro, 3 ta respublika miqyosidagi ilmiy-amaliy anjumanlar o‘tkazildi.
Universitet tomonidan 2023 yilda byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan professor-o‘qituvchilarning 2 milliard 880 million so‘mlik 3 ta startap, 1 ta amaliy va 1 ta fundamental loyihalari moliyalashtirildi. Bundan tashqari, olimlar va tadqiqotchilarning ilmiy jamoalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ilmiy-tadqiqot faoliyatini olib borish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, yangi ilmiy maktablar tashkil qilish va shu orqali universitet ilmiy salohiyatini yuksaltirish maqsadida 2024 yil uchun jamoaviy ilmiy-innovatsion grantlar dasturi e’lon qilindi. Ushbu dastur doirasida bir yil davomida amalga oshiriladigan har bir loyiha uchun 100 million so‘mdan mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan. Mazkur dastur bo‘yicha ilmiy bo‘limga 13 ta loyiha taqdim etildi. Universitet Ilmiy-texnik kengashi xulosasiga asosan, ana shu loyihalarning 9 tasi moliyalashtirildi.
Bugungi kunda universitetning 15 nafarga yaqin professor-o‘qituvchisi xorijiy ilmiy loyihalarga rahbarlik qilmoqda.
2023 yilda universitetimiz 47 nafar professor-o‘qituvchisining ilmiy maqolalari Scopus hamda Web of Science ma’lumotlar bazalari ro‘yxatiga kiritilgan xalqaro ilmiy jurnallarda chop etildi. Shu bilan birga, Scopus hamda Web of Science ma’lumotlar bazalarida Xirsh indeksi 3 va undan yuqori bo‘lgan professor-o‘qituvchilar soni 8 taga yetdi. Ana shu natijaga erishgan professor-o‘qituvchilarimiz universitet rektorati tomonidan munosib rag‘batlantirildi.
O‘tgan yili universitetimiz Times Higher Education agentligining Impact Rankings reytingida 1001+ o‘rinni egalladi, World University Rankings reytingida esa kuzatuvchi maqomiga ega bo‘ldi.
Ilm-fan cho‘qqilarini egallash, ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarida yosh olimlarimiz, talabalarimiz tomonidan erishilayotgan yutuq va natijalar salmog‘i ham ortib bormoqda. O‘tgan yili talabalarimizdan 1 nafari Prezident, 15 nafari Beruniy, Navoiy, Bobur singari nomdor stipendiyalar sovrindori bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Fanlar akademiyasi tomonidan o‘tgan yilning oktyabr oyida Nukus shahrida matematika fani bo‘yicha o‘tkazilgan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi xalqaro olimpiadada universitetning matematika ta’lim yo‘nalishi talabalari faol ishtirok etib, 2 ta oltin va 1 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Universitetning Biznes inkubatsiya va akseleratsiya markazi tomonidan talabalar jamoasidan iborat guruhlarning 4 ta startap loyihasini moliyalashtirish uchun 140 million so‘m mablag‘ ajratildi.
[gallery-15604]
Bir so‘z bilan aytganda, ayni kunda universitetimiz ilmiy salohiyatini yuksaltirish, ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligini oshirish, har jihatdan yetuk, davr talabiga javob bera oladigan malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha zarur ishlar olib borilmoqda.
Akramjon Yuldashev,
Andijon davlat universiteti rektori, professor.
O‘zA