Universitet huzurida zamonaviy bog‘cha
Buxoro davlat universiteti huzurida tashkil etilgan “Robots and Kids” maktabgacha ta’lim tashkilotining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda ichki ishlar organlari faxriylari, hamkor tashkilotlar vakillari, tuman hokimligi mutasaddilari hamda Buxoro davlat universiteti talabalari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan viloyat hokimi Botir Zaripov zamonaviy texnologiyalar, xususan sun’iy intellekt jadal rivojlanayotgan bugungi davrda bunday innovatsion bog‘chaning tashkil etilishi muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Bugungi kunda dunyoda sun’iy intellekt jadal sur’atlar bilan rivojlanmoqda. Ana shunday davrda bolalarda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni erta yoshdan shakllantirishga xizmat qiladigan bog‘chalarning ochilishi quvonarli hol. Shu bilan birga, biz o‘zbekona urf-odatlarimiz, milliy qadriyatlarimiz va madaniyatimizni unutmasligimiz lozim.
Tadbir davomida mehmonlar bog‘chaning ta’lim-tarbiya jarayonlari, yaratilgan sharoitlar, xavfsizlik talablari hamda innovatsion yondashuvlar bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, bolajonlarga yangi yil sovg‘alari taqdim qilindi. “Robots and Kids” bolalar bog‘chasida 3 yoshdan boshlab 11 ta fan bo‘yicha ta’lim beriladi. Maskan 50 o‘ringa moslashtirilgan. Ta’lim jarayoni mualliflik asosida ishlab chiqilgan zamonaviy metodika orqali olib borilib, bolalarda nafaqat bilim, balki fikrlash, tahlil qilish va ijodkorlik ko‘nikmalari rivojlantiriladi.
[gallery-26910]
Bog‘chada bolalar o‘qish va yozish, tanqidiy va mantiqiy fikrlash, robototexnika va muhandislik asoslari, arxitektura va dizayn, gimnastika va jismoniy rivojlanish, matematika va ingliz tili (o‘yin orqali) yo‘nalishlar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ladi. Har bir bolaning ruhiy holati va individual rivoji doimiy e’tiborda bo‘lib, bog‘chada malakali psixologlar, logopedlar va mutaxassislar tizimli faoliyat olib boradi.
Bog‘chada ota-onalar uchun onlayn videokuzatuv, kuniga 3 mahal sog‘lom ovqatlanish, xavfsiz va mehrga boy muhit yaratilgan. Mazkur “Robots and Kids” maktabgacha ta’lim tashkiloti nafaqat innovatsion ta’lim maskani, balki Buxoro davlat universiteti bitiruvchilari va talabalari uchun real bandlik maydoni ham hisoblanadi.
Xususan, ushbu MTTda BuxDU bitiruvchilari, 3-4-bosqich talabalari, psixologiya, robototexnika, maktabgacha ta’lim yo‘nalishi bitiruvchilari, BuxDU Robototexnika markazi a’zolari ishga qabul qilinib, 20 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. “Robots and Kids” MTT yosh avlodni zamonaviy bilimlar bilan birga milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga xizmat qiladigan muhim maskan bo‘lishi bilan ahamiyatlidir.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.