Germaniyada davom etayotgan XXXII Butunjahon yozgi Universiada o‘yinlarining uchinchi kungi dasturi ham o‘z nihoyasiga yetdi. Unda O‘zbekiston delegatsiyasi badiiy gimnastika, tennis, stol tennisi, taekvondo WT va suzish sport turlari bo‘yicha ishtirok etdi.
Ahamiyatlisi, mazkur turlar orasida badiiy gimnastika yo‘nalishida Taxmina Ikromova munosib ishtirok etib, 2 tadan oltin va kumush medallarini qo‘lga kiritdi.

Taxminaning ushbu medallari natijasida badiiy gimnastika bo‘yicha umumjamoa hisobida O‘zbekiston termasi ikkinchi pog‘onadan joy oldi. Neytral maqomdagi gimnastikachilardan iborat terma 2 tadan oltin va kumush hamda 1 ta bronza bilan birinchi bo‘lgan bo‘lsa, ozarbayjonlik gimnastikachilar 2 ta oltin va 1 ta bronza bilan kuchli uchlikdan joy oldi.
Taekvondo WT bahslarida Madina Mirabzalova -57 kg. vazn toifasida bronza medalini qo‘lga kiritdi. Shu tariqa, O‘zbekiston delegatsiyasining ayni damdagi medallari ikki oltin, uch kumush va bir bronza, jami 6 taga yetdi.

Shuningdek, musobaqaning stol tennisi yo‘nalishida Marhabo Magdiyeva zambiyalik Safiya Nkuvahni, Shohruh Iskandarov esa ozarbayjonlik Nihad Samadzade ustidan zafar quchdi. Umidli tennischimiz Maksim Shin ikkinchi davrada Janubiy Koreya vakili Vungbi Lini 2-0 hisobida taslim etib, navbatdagi bosqichga chiqdi.

Darvoqe, 20 iyul kuni sportchilarimiz tennis, stol tennisi, taekvondo WT va suzish bahslarida o‘z omadlarini sinovdan o‘tkazadi.
Ma’lumot o‘rnida: “Universiada-2025” musobaqasining o‘tgan ikki kuni yakuniga ko‘ra, AQSH delegatsiyasi 7 ta oltin, 5 ta kumush, 11 ta bronza medal jamg‘arib, umumjamoa hisobida birinchi bo‘lib turibdi. Janubiy Koreya esa 5 ta oltin, 4 kumush va 6 ta bronza bilan ikkinchi, xitoylik talabalar esa 4 ta oltin, 7 ta kumush, 3 ta bronza medalni qo‘lga kiritgan holda kuchli uchlikdan joy olgan.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA