“Universiada – 2016” sport o‘yinlari ishtirokchilariga
Hech shubhasiz, bugun boshlanayotgan Universiada bellashuvlari Vatanimiz mustaqilligining qutlug‘ 25-yillik bayrami arafasida bo‘lib o‘tayotgani unga chuqur mazmun va ko‘tarinki ruh bag‘ishlamoqda.
Qadrli farzandlarim!Hurmatli ota-onalar, ustoz-murabbiylar va sport muxlislari!
Avvalambor, siz, azizlarni bugun barcha-barcha yoshlarimizning, qolaversa, butun xalqimizning e’tiborini o‘ziga tortayotgan talaba yoshlarning sport bayrami bo‘lmish Universiada o‘yinlarining tantanali ochilishi bilan samimiy muborakbod etaman.
O‘zining go‘zalligi va betakrorligi bilan «oltin vodiy» deb nom olgan so‘lim diyorda alohida ajralib turadigan Farg‘ona shahrida yangitdan qurilgan mana shu muazzam stadionni birinchi bor bayramona kayfiyatda to‘ldirib o‘tirgan siz, aziz yurtdoshlarimga, sizlarning timsolingizda butun Farg‘ona ahliga chin qalbimdan hurmat-ehtiromimni va ezgu tilaklarimni bildirish – men uchun haqiqatan ham katta sharafdir.
Hech shubhasiz, bugun boshlanayotgan Universiada bellashuvlari Vatanimiz mustaqilligining qutlug‘ 25-yillik bayrami arafasida bo‘lib o‘tayotgani unga chuqur mazmun va ko‘tarinki ruh bag‘ishlamoqda.
Albatta, bugungi nufuzli musobaqalarga yetib kelish sizlarga oson bo‘lmaganini hammamiz yaxshi bilamiz. Saralash bosqichlarida ishtirok etgan 165 mingdan ziyod o‘g‘il-qizlarimiz orasidan faqat 900 nafar qatnashchiga bunday yuksak baxt nasib etgani bu bellashuvlarning naqadar keskin va murosasiz o‘tganidan, sizlarning tinimsiz kurash, baquvvat iroda va mahorat hisobidan bugungi marralarga yetib kelganingizdan dalolat beradi.
Mamlakatimizda shakllangan, “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada sport o‘yinlarini o‘z ichiga olgan, uch pog‘onadan iborat noyob tizimning yuqori bosqichi bo‘lmish Universiada o‘yinlarida qatnashish sharafiga erishish va mahoratingizni namoyon etishning o‘zi, hech shubhasiz, ulkan g‘alabadir, desam, aslo xato bo‘lmaydi. Barchangizni ana shunday katta yutuq bilan qizg‘in tabriklab, sizlarga o‘zimning samimiy mehrim va ishonchimni bildirib, bo‘lg‘usi bellashuvlarda omad va zafarlar tilayman.
Aziz bolalarim!
Hammamizga xursandchilik yetkazadigan mana shunday shukuhli kunda mustaqillik yillarida ozod va farovon hayot barpo etish, mamlakatimiz salohiyati va qudratini yuksaltirish, farzandlarimizni har tomonlama yetuk insonlar etib tarbiyalash yo‘lida qanday ulug‘vor ishlarni amalga oshirganimiz beixtiyor xayolimizga keladi.
Bu haqda gapirganda, avvalo, keyingi o‘n yilda Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasining 744 milliard so‘mlik mablag‘i hisobidan barcha viloyat, shahar va qishloqlarimizda 1 ming 700 dan ziyod zamonaviy sport inshootlari bunyod etilganini ta’kidlash o‘rinlidir. Eng muhimi, jondan aziz bolalarimizni yoshlikdan boshlab sport bilan shug‘ullanishga jalb etish, navqiron avlodimizni ham jismoniy, ham ma’naviy jihatdan barkamol bo‘lib, dunyoda hech kimdan kam bo‘lmasdan unib-o‘sishi va yuksak cho‘qqilarni egallashi uchun mustahkam zamin yaratishga erishdik.
Davlatimiz, jamiyatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan, ilgari tasavvur ham qilib bo‘lmaydigan bunday ulkan e’tibor tufayli tarixan qisqa davrda bu sohada qo‘lga kiritgan yutuq va marralarimiz haqida ko‘p gapirish mumkin. Men faqatgina ayrim misollarga diqqatingizni qaratmoqchiman.
Mamlakatimizda oxirgi o‘n yil davomida sport bilan muntazam shug‘ullanish darajasi bolalar va o‘smirlar o‘rtasida 30 foizdan 57 foizga, qiz bolalar o‘rtasida 24 foizdan 47 foizga yetgani bizning bu borada qanday katta o‘sishga erishganimizdan dalolat beradi.
Yana bir muhim tomoni shundaki, 2005-yilda farzandlarimiz sportning 43 ta turi bilan shug‘ullangan bo‘lsa, bugungi kunda bu raqam 59 tani tashkil etmoqda. Biz uchun mutlaqo yangi bo‘lgan badiiy gimnastika, taekvondo, muaytay, suzish, sinxron suzish, tennis, vaterpol, eshkak eshish kabi sport turlari bo‘yicha yoshlarimiz nufuzli xalqaro musobaqalarda yuksak shohsupalarga ko‘tarilmoqda. Ularning nomlari dunyo miqyosida mashhur bo‘layotgani, hurmat bilan tilga olinayotgani O‘zbekistonimizning obro‘-e’tiborini jahon maydonida yuksaltirish va tarannum etishning yorqin ifodasi bo‘lib, bundan har qancha g‘ururlansak, faxrlansak, arziydi, albatta.
Ayniqsa, qizlarimizning yigitlardan qolishmasdan, kurash, dzyudo, karate, taekvondo kabi sohalarda salmoqli yutuqlarni qo‘lga kiritayotgani yosh avlodimiz o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga erishishda har tomonlama qat’iyat, mardlik va azmu shijoat ko‘rsatishga qodir ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
Bugungi kunda ana shunday yoshlarimiz qatorida Ruslan Nuriddinov, Svetlana Radzivil, Ixtiyor Navro‘zov, Vadim Menkov, Gulnoza Matniyozova, Abbos Rahmonov, Nafisa Mo‘minova, Bekzod Abdurahmonov, Bektemir Meliqo‘ziyev, Sitora Hamidova, Hasanboy Do‘smatov, Yekaterina Voronina, Jasur Boyqo‘ziyev,Ra’noxon Omonova, Diyorbek O‘rozboyev, Marina Xmelevskaya, Zohid Kenjayev singari mahoratli sportchilarimiz o‘zlarining dastlabki zafarli qadamlarini aynan Universiada o‘yinlarida boshlagani bu bellashuvlar o‘g‘il-qizlarimiz uchun haqiqatan ham “parvoz maydonchasi” bo‘lib xizmat qilayotganidan dalolat beradi.
Men, siz, aziz farzandlarimning xalqaro maydonlarda – bu ilm-fan, madaniyat va san’at bo‘ladimi, sport musobaqalari bo‘ladimi, barcha sohalarda erishayotgan umidbaxsh yutuqlaringiz haqida qachonki eshitsam, xabar topsam, xursandchiligim, sizlarga bo‘lgan mehrim va ishonchim yanada ziyoda bo‘ladi, desam, qalbimda, yuragimda bo‘lgan gapni aytgan bo‘laman.
Barchangiz yaxshi xabardorsiz, hozirgi vaqtda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari hamda Toshkent shahrida zamonaviy oliy mahorat sport maktablarini barpo etish bo‘yicha qabul qilgan dasturimiz asosida katta amaliy ishlar olib borilmoqda. Uzoqni ko‘zlab hayotga tatbiq etilayotgan bu dastur mamlakatimizda sport sohasini yanada rivojlantirish, uni yangi, yuksak bosqichga ko‘tarishga munosib hissa qo‘shishi shubhasizdir.
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Bu yilgi Universiada musobaqalarida olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan boks, erkin kurash, yunon-rum kurashi, taekvondo, og‘ir atletika kabi beshta sport turi bo‘yicha bellashuvlar bo‘lib o‘tishi, tabiiyki, bu o‘yinlarning nufuzi va ahamiyatini yanada oshiradi.
Ushbu musobaqalarni yuksak saviyada o‘tkazish uchun mamlakatimizda har tomonlama katta tayyorgarlik ishlari amalga oshirilganini alohida qayd etish lozim. Birgina Farg‘ona shahrining o‘zida 37 milliard 215 million so‘m mablag‘ sarflanib bunyod etilgan va eng yuqori talablar asosida jihozlangan o‘nlab yangi sport inshootlari, stadionlar, tennis kortlari, suzish havzalari, sport zallari va boshqa obyektlar bugun sizlarga o‘z eshiklarini ochmoqda.
Fursatdan foydalanib, mana shunday zamonaviy sport majmualarini barpo etgan quruvchilarga, me’mor va muhandislar, pudratchi va homiy tashkilotlarga, shu yo‘lda sidqidildan xizmat qilgan barcha insonlarga,ko‘pni ko‘rgan, mehnatkash Farg‘ona ahliga samimiy minnatdorligimni izhor etaman.
Qadimiy va saxovatli Farg‘ona zaminida o‘zaro hurmat va do‘stlik ruhida, qizg‘in kurashlar bilan o‘tadigan Universiada o‘yinlari mamlakatimiz yoshlari hayotida, sportimiz tarixida yorqin sahifa bo‘lib qoladi, deb ishonaman.
Aziz farzandlarim, qadrli yurtdoshlar!
Bugungi tez sur’atlar, shiddat bilan o‘zgarib borayotgan zamon, xalqaro maydonda tobora keskin tus olayotgan raqobat ko‘pchilik mamlakatlar qatorida bizdan, avvalambor, belini mahkam bog‘lab, katta niyat va ishonch bilan hayotga kirayotgan siz, navqiron yoshlarimizdan yangicha fikrlashni, eng zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallashni, Vatanimizning taqdiri va ertangi kuni uchun mas’uliyatni o‘z zimmangizga olishga qodir bo‘lishni talab etmoqda.
Bunday yuksak maqsadlarga yetish uchun har qaysi yigit-qiz o‘z ustida tinimsiz ishlashi, irodasini chiniqtirishi, bu yo‘ldagi qiyinchiliklar oldida bo‘sh kelmay, g‘alabaga erishish uchun o‘zini ayamasdan, hal qiluvchi daqiqalarda butun borlig‘ini safarbar etishga tayyor bo‘lishi darkor.
Shu ma’noda, avvalo, o‘ziga talabchanlikni oshirish, qat’iy intizomga rioya qilish, o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga erishish uchun bor kuch-g‘ayratini ishga solish, hayotda kurashchi bo‘lib yashash, mardlik va matonat kabi xususiyat va alomatlarni faqat sportga yoshlikdan ixlos qo‘yib, uning sir-asrorlarini chuqur o‘rganish, mashaqqatli mashqlarda toblanish orqali tarbiyalash mumkinligini hech qachon unutmasligimizni istardim.
Mening siz, aziz bolalarimga tilagim shuki, mana shunday olijanob fazilatlar bugun sport maydonlarida, ertaga hayot maydonlarida har biringizga hamisha yor bo‘lsin!
Barchangizni bag‘rimga bosib, bugungi yoshlik va sport bayrami bilan yana bir bor chin yurakdan qutlar ekanman, sizlarga sihat-salomatlik, baxtu saodat va zafarlar tilayman.
Islom Karimov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti