O‘tgan juma kuni AQSH Federal qidiruv byurosi agentlari Trampning sobiq maslahatchisi Jon Boltonning uyida tintuv o‘tkazdi. Bu haqda ko‘plab OAV yozdi. Ko‘pchilik eshitgan voqeani yana eslashdan muddao ne? degan savolni berishingiz o‘rinli. Gap shundaki, Bolton oxirgi payt Prezidentni faol tanqid nishoniga olayotganlardan biridir.
Eng qizig‘i, FQB xodimlari uyini “ag‘dar-to‘ntar” qilayotgan payt ham u ijtimoiy tarmoq orqali Trampga qarshi gapirdi. Balki, bu tasodifdir, ammo ba’zilar Jon avvaldan FQB nazorati ostida bo‘lgan, deyishyapti.
Ma’lum bo‘lishicha, Bolton “birinchi hukmronlik” davrida bir yildan ziyod xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi lavozimida Prezidentning yonida ishlagan. Ba’zi manbalar Tramp uni ishdan bo‘shatgani aytilsa, Boltonning o‘zi iste’foga chiqqanini ta’kidlayapti. Har holda, yetakchining fe’lini bilganlar iste’fo variantiga ishonishmasa kerak.
AQSH Prezidenti yonida 2018 yil boshidan 2019 yil oxiriga qadar ishlagan Jon Bolton aynan shu muddat oralig‘ida Oq uyda bo‘lib o‘tgan voqealar asosida “Voqea sodir bo‘lgan xona: Oq uy xotiralari” nomli kitobini nashr qildi. Tramp bir vaqtlar bu asar chop etilishini taqiqlashga uringan. Buning sababini sobiq maslahatchisi maxfiy ma’lumotlarni oshkor qilishi mumkinligi bilan izohlagan.
FQB direktori Kesh Patel tomonidan ruxsat berilgan tintuvga aynan nima sababligini hech kim aniq bilmayapti. Tramp bu ishdan umuman xabari yo‘qligini bayon qilarkan, shunday degan:
– Bolton nokas, uning tarafida emasman! Ko‘pchilik demokratlar fikri ham shunday, Jonni yoqtirishmaydi.
Masalan, kaliforniyalik senator Adam Shiffning bahosi quyidagicha:
– Jon Boltonning vatanparvarligiga shubha qilaman...
Yanvar oyida Tramp Boltonga nisbatan xavfsizlik maqomini bekor qildi. Maxsus himoya unga Eron hukumati tomonidan paydo bo‘lgan jiddiy tahdid tufayli joriy etilgandi. Demak, bu shaxs Islom Respublikasi hukumatiga ham yoqmagan. Zero, bir paytlar Bolton Eronga nisbatan keskin siyosat olib borish tashabbusi bilan chiqqan va bu jarayonda Trampni ham ayblagan. U Prezidentning bugungi kundagi faoliyatidan ham norozi. Trampni sustkashlik va jaholatda ayblab, tashqi siyosatda ko‘p xatoga yo‘l qo‘yishini ta’kidlaydi.
Masalan, Alyaska uchrashuviga baho berarkan, “Tramp natijasiz qaytdi, Putin esa yutuq bilan”, – dedi. Tabiiyki, bunday gap o‘zini “dunyoda tinchlikparvar siyosatchi sifatida namoyon etmoqchi bo‘layotgan inson”ga yoqmaydi.
Darvoqe, qo‘shnisi Jerald Rogell ham The New York Times nashriga bergan intervyusida Jonni “yoqimsiz” shaxsligiga e’tibor qaratgan:
– Jon Bolton hurmatga noloyiq. U nafaqat ishi, balki hayotidagi har bir voqeaga xuddi detektiv kabi yondashadi. Bunday odamlar ko‘pchilikni yoqtirmaydi, jamoa bilan bog‘liq tantanalarni yomon ko‘radi. Agar undan shakar so‘rab kirsangiz, shakar solib bergan idishi qaytarilishini kafolatlaydigan, jarima va boshqa jihatlar ko‘zda tutilgan shartnoma tuzishdan ham qaytmaydi.
U yaxshi qo‘shni bo‘lmasligi mumkin, ammo Trampdek dushmani borligini bilib, o‘z ishiga jiddiy mas’uliyat bilan yondashadi, qat’iy qoida asosida yashaydi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/u265Zq8Hzz0" title="Uni hamma yomon ko‘radi: Tramp ham, qo‘shnisi Jerald amakiyam" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA