Un ishlab chiqarish korxonasi ishga tushdi
Qashqadaryo viloyati Qamashi tumani bug‘doy yetishtirish bo‘yicha viloyatda yetakchi o‘rinda turadi. Tumanda yiliga o‘rtacha 30-35 ming tonna baraka hosili yig‘ib olinadi. Ushbu mahsulotni qayta ishlash esa bugunning muhim talablaridan sanaladi. Shu maqsadda kuni kecha tumanning “Guliston” mahallasida birinchi un ishlab chiqarish korxona ish boshladi.
“Madina M” brendi ostida un mahsuloti ishlab chiqaruvchi ushbu korxona faoliyati “Bo‘ritosh aya” fermer xo‘jaligi rahbari Azamat Berdiyorov tomondan yo‘lga qo‘yildi.
Korxonaning ochilish marosimida tuman hokimi Botir Tog‘ayev, nuroniylar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Umumiy qiymati 6 milliard so‘mni tashkil etayotgan korxonaga Turkiyada ishlab chiqarilgan elektr tejamkor zamonaviy tegirmonlar o‘rnatilgan. Yiliga 10 ming tonna bug‘doyni qayta ishlash quvvatiga ega. Yangi korxonaning ishga tushishi evaziga hududdagi 20 nafar kishi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi.
– Asosiy e’tiborni sifatga qaratganmiz, – deydi korxona rahbari A.Berdiyorov. – Shu bois 50 foiz o‘zimizning, 50 foiz Qozog‘istondan keltirilgan sifatli bug‘doylardan foydalanyapmiz. Mahsulotlarimiz hozircha ichki bozorga chiqarilmoqda. Kelgusida eksportga ham chiqarishni rejalashtirganmiz. Bu bo‘yicha afg‘onistonlik hamkorlar bilan dastlabki kelishuvga erishildi. Kelajakda ishlab chiqarish hajmini 20 ming tonnaga yetkazishni maqsad qilganmiz.
O‘lmas Barotov, O‘zA.