Poytaxtimizda 15-Xalqaro “Umumiy xavfsizlik tizimlari” va 3-Xalqaro “Elektronika, elektrotexnika va innovatsion texnologiyalar” ko‘rgazmalari ish boshladi. Elektronika borasida yangi yechimlarni taqdim etayotgan mazkur namoyishlar 5-7 noyabr kunlari “O‘zekspomarkaz” pavilonlarida o‘tkazilmoqda.
Birlashgan ekspozitsiyada Belarus Respublikasi, Isroil, Polsha, Rossiya, Turkiya, Xitoy va Qozog‘istondan 30dan ortiq nufuzli kompaniyalar ishtirok etib, xavfsizlik va elektronika sohasida ko‘plab zamonaviy yechimlarni taqdim etmoqda. Bu orqali tadbir ishtirokchilari va soha mutaxassislari eng so‘nggi ishlanmalar bilan yaqindan tanishishlari, tajriba almashishlari, o‘zaro manfaatlari shartnomalar tuzishlari va dolzarb muammolarni muhokama etib olishlari uchun platforma yaratildi.
Bu galgi ko‘rgazmada antidron tizimlari, videokuzatuv va video tahlil moslamalari, yong‘inga qarshi uskunalar, shaxsiy himoya vositalari, yuqori aniqlikdagi asboblar, tarmoq va xavfsizlik tizimlari namoyish etilmoqda. Shuningdek, qurol-yarog‘ va harbiy texnika sohasidagi eng so‘nggi yechimlar ham taqdim etildi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/O1cz088v9GM" title="Umumiy xavfsizlik tizimlari ko‘rgazmasi ish boshladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>- Bizni kompaniya uchuvchisiz qurilmalarni ishlab chiqaradi, - deydi ko‘rgazma ishtirokchisi, Rossiya kompaniyasi vakili Yekaterina Zgirovskaya. - Ko‘rgazmada ilk bor o‘zimizning yangi mahsulotimizni taqdim etyapmiz. Bu razvedka va monitoring vazifasini bajara oladigan qurilma. O‘zbekiston uchun neft va gaz sohasida yangi konlarni o‘zlashtirishda, razvedka ishlarida, qidiruv-qutqaruv operatsiyalarini amalga oshirishda, jamoat xavfsizligini ta’minlashda kerak bo‘lishi mumkin. Yuqori sifatdagi tasvir va ovoz mavjud. Agar O‘zbekiston tomoni qiziqish bildirsa mahsulotni yetkazib berish va xodimlarni tayyorlashni o‘z zimmamizga olamiz.
Aytish kerakki, zamonaviy dunyoni elektronika yutuqlarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Chunki, bu bizning hayotimizdagi barcha jabhalarda mavjud. Eng oddiy maishiy texnika va gadjetlardan tortib, murakkab sanoat qurilmalarigacha kundalik foydalanamiz. Demak, bu ko‘rgazma har ikki tomon uchun ham birdek manfaatli.
Sanjar Toshpo‘latov, Nishonboy Abduvoyitov, O‘zA