Poytaxtimizda atoqli haykaltarosh, O‘zbekiston xalq rassomi, davlat mukofoti sovrindori Jaloliddin (Ravshan) Mirtojiyev xotirasiga bag‘ishlab yodgorlik-barelefining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Shu munosabat bilan Toshkent shahrining J.Mirtojiyev yashab, ijod qilgan manzili Amir Temur ko‘chasidagi 89 “a”-uyga tutash hudud har qachongidan ham gavjum bo‘ldi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, O‘zbekiston xalq rassomi Akmal Nur, O‘zbekiston xalq rassomi Javlon Umarbekov mamlakatimizda milliy tasviriy san’atimiz rivoji yo‘lida fidokorona mehnat qilgan, uning ravnaqiga ulkan hissa qo‘shgan ijodkorlar xotirasiga ehtirom ko‘rsatish mamlakatimizda olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy islohotlarda muhim o‘rin egallashini ta’kidladi.
Darhaqiqat, Ahmad al-Farg‘oniy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Kamoliddin Behzod, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi allomalarning siymosi gavdalantirilgan haykallar dunyoning ko‘plab davlatlarining yirik shaharlarida qad rostlab turibdi. Mohir haykaltarosh Jaloliddin Mirtojiyev tomonidan ishlangan ushbu yodgorliklar O‘zbekistonimizning tarixi, allomalari, birinchi va ikkinchi Renessans davrining ahamiyatidan so‘zlashi bilan qadrlidir.
[gallery-15984]
Jaloliddin Mirtojiyev 1954 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1972 yilda Benkov nomli Respublika rassomlik bilim yurti haykaltaroshlik bo‘limini F.I.Grienko rahbarligida bitirgan. 1977 yilda A.Ostrovskiy nomli Toshkent Teatr va rassomchilik institutini tamomlagan.
Uning Respublikamiz viloyatlaridagi mashhur tarixiy siymolar, o‘zbek allomalari va taniqli adiblariga bag‘ishlangan monumental asarlari bugungi kunda Vatanimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turibdi. Zahiriddin Muhammad Bobur (Andijon), Cho‘lpon, Xotira maydonidagi Motamsaro ona (Andijon), Abdurauf Fitrat (Buxoro), Abdulla Qodiriy, G‘afur G‘ulom, Elbek (Toshkent viloyati), Motamsaro ona (Farg‘ona) haykallari, shuningdek, 2006 yilda Qarshi shahrining 2000 yillik yubileyiga bag‘ishlangan “El-yurt tayanchi” kompozitsion asari, Toshkent shahridagi Zulfiyaxonimga bag‘ishlangan haykal shular jumlasidandir.
Moskva (2002), Tokio (2004) va Bokudagi (2008) A.Navoiy, Xitoydagi (Chanchun) Kamoliddin Behzod (2003), Rigadagi Mirzo Ulug‘bek (2004) va Abu Ali Ibn Sino (2006), Qohiradagi Al-Farg‘oniy (2007) kabi monumental asarlari badiiy qadriyati bilan milliy haykaltaroshlikda erishilgan muvaffaqiyatlarini butun dunyoga tanitdi.
Jaloliddin (Ravshan) Mirtojiyev san’atga qo‘shgan hissasi uchun bir qator davlat mukofotlari bilan taqdirlangan.
N.Usmonova, Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA