Minnatdorchilik
Dunyo tibbiyotida dolzarb muammo bo‘lib kelayotgan va yechimini kutayotgan kasalliklar qatorida saraton yetakchi o‘rinni egallaydi. Ayniqsa, ular orasida bosh miya va bo‘yin saratoni bemorlarga ruhiy zo‘riqish olib kelishidan tashqari, shifokorlar uchun ham davolash murakkab bo‘lgan og‘ir sohalardan biridir.
2021 yil avgust oyida menga ham hiqildoq-halqum va qizilo‘ngach saratoni 3-bosqichi, disfagiya 2-bosqichi tashxisi qo‘yildi. Xalq tilida aytganda, “qiltomoq” diagnozi.

Albatta, o‘shanda xayolimdan qanday o‘ylar o‘tganini tasavvur qildingiz. Bola ta’tilidan chiqib, ishga kirganimga endi 10 kuncha bo‘lgan, sevimli dargohim – ikkita maktabda anchagina dars soati ajratilgan. Bundan quvonib, o‘quv yiliga shay turgan vaqtlarim edi. Qolaversa, farzandlarim juda yosh, yangi uy olganimizga esa hali ko‘p bo‘lmagan, olgan qarzlarimizni to‘la uzib ulgurmagan edik.
Bunaqa vaziyatda bu kasallikni davolashga ketadigan xarajatlar hammaning ham yuragini ezib yuborsa kerak. Chunki tahlil natijalarini aniqlashning o‘zi kamida ming-ikki ming dollargacha xarajatni talab qilishi mumkin. Yana aksiga olib, dastlab menga noto‘g‘ri tashxis (qalqonsimon bezda gipoterioz alomatlari) qo‘yilganligi va gormonal preparatlar bilan davolashni boshlashgani bois vaqtni o‘tkazib yuborgandim.

Zudlik bilan davolanish maqsadida Toshkent shahar onkologiya shifoxonasiga yo‘llanma oldim. U yerda esa meni ximiyaterapiya bo‘limiga jo‘natishdi. Ushbu muolajani oluvchilar ko‘pligidan menga navbat kamida 3-4 oydan keyin kelishini aytishdi.
Turmush o‘rtog‘im xunob bo‘lib, “Ekologiya yomonligidan rak kasalligiga chalinganlar shaharda shunchalik ko‘p ekanmi?” deganlarida men “Bu kasallikning turlari va stadiyalarini so‘nggi texnologiyalar yordamida erta aniqlash imkoniyati paydo bo‘lganidan bo‘lsa kerak”, deb javob berdim.
So‘ngra Toshkent shahar onkologiya dispanseri direktori Doniyor Ishoqov oldiga kirib, vaziyatimni tushuntirdim. Ular meni professor Odil aka Abdurahimov rahbarlik qilayotgan “Bosh-bo‘yin o‘sma kasalliklari xirurgiyasi” bo‘limiga yo‘naltirdi. Kuchli salohiyat, odillik, jonkuyarlik shundoqqina yuz-ko‘zlaridan ko‘rinib turgan Odil aka rahbarligidagi butun boshli vrachlar jamoasi meni davolashga kirishdi.

Dastlab Odil akaning tezkor davolash uslubi haqidagi taklifiga ko‘nmay og‘riqli, lekin tez samarali – ximiyaterapiya va nurterapiya olishni tanladim. Lekin vaqt o‘tib qarorim noto‘g‘ri ekanligini tushundim va shifokorimning taklifiga rozi bo‘ldim. Yoqimsiz va noqulay ko‘rinsa-da, eng samarali yechim bo‘lgan gastronazal zond qo‘yishlariga ko‘ndim. Axir, bu yo‘l bilan istalgancha kuchli ovqatlanish, foydali va tanani tozalovchi damlamalar ichish, murakkablik tug‘dirgan dorilarni qabul qilish mumkin edi. Muammoli tarafi esa – bunday tashqi ko‘rinishga atrofdagilarni va turmush o‘rtog‘imni ko‘niktirish edi.
Ming bor shukrlar bo‘lsinki, barcha bu holatni to‘g‘ri tushundi, ko‘maklashdi, ko‘nglimni ko‘tarishdi. Hattoki, turmush o‘rtog‘imga quvnoqlik bilan “Men katta xarajatli operatsiyasiz, chet elda davolanishlarsiz ham sog‘ayayapman, negaki, yomonga o‘lim yo‘q, puliga esa menga qimmatbaho mashina olib berasiz” deya hazillashardim. Turmush o‘rtog‘im, “Bilaman, sen oson yengiladiganlardan emassan, mayli olib berganim bo‘lsin” deb hazilni davom ettirardi.
Davolanishni boshladim. Bu davrda mislsiz og‘riqlar, noqulayliklar va g‘am-qayg‘u, og‘ir o‘ylar menga hamrohlik qildi.
Ammo bilasizmi, bu davrda bemor uchun ijobiy kayfiyatda bo‘lish juda muhim ekan. Ba’zan sog‘lom insonlar kichik quvonchlardan, xursandchiliklardan qoniqmay qoladi. Men esa har bir hodisadan ham yaxshilik qidirishni, uni quvonchga aylantirishni, juda bo‘lmaganda, hazil to‘qishni o‘rgandim. O‘z-o‘zimdan qoniqa boshladim, tanamni va ruhiyatimni boshqara oldim. Tanamda kechayotgan jarayonni to‘g‘ri talqin qilib, his qilish ko‘nikmasi paydo bo‘ldi. O‘zimni chalg‘ituvchi va biror soniya bo‘lsin, yomon fikrga borib qolishga imkon qoldirmaydigan mashg‘ulot ham topdim.
Odil aka men uchun ustozlik va yaxshi shifokorlik qildi. Mehnatlari samarasi umrimga yillarni hadya etdi. U kishi tushkunlikka tushib qolgan bemorlarning ruhini ko‘tarishga intilardi. Ha, tom ma’noda o‘sdim, ulg‘aydim. U kishining ko‘ngilga yaqin fikrlari, maslahatlari yordamida ruhiy jihatdan qo‘rqmas, rivojlanishga moyil shaxsga aylandim. Qattiq og‘riqlar chog‘ida ham xotirjamgina dunyo adabiyotining noyob namunalarini qo‘ldan qo‘ymay o‘qiyveradigan, komediya ko‘rsam, quvnab kuladigan, kasallikka va yomon emotsiyaga parvo qilmaydigan beg‘am insonga aylandim. Vujudimdagi nafratni yengdim, hasad o‘rniga havasni, ruhimdagi ba’zi chirkin g‘alayonlar o‘rniga muhabbatni rivojlantirdim.
Sog‘liqning o‘zi huzur, yoqimli olov kabi tanaga iliqlik baxsh etadi. Aslida bunday shifokorlar jamiyatimizning boyligi, noyob kishilari sanaladi. Oilam vrachlar oilasi bo‘lganligi bois, atrofimdagi kuchli mutaxassislarni taniyman va gohida odamlarning vrachlar haqidagi har bir noto‘g‘ri xulosasi hech qanday asosga ega emasligini his qilaman.
Mana oradan uch yilga yaqin vaqt o‘tdi. Shifokorlarning nogironlik nafaqasi olishga haqqim borligi haqidagi maslahatiga qaramay, uni olishdan voz kechdim. Sevimli mashg‘ulotim ortidan ozmi-ko‘pmi daromad topdim. “Sening sabring va mehnating haqqi”, deya turmush o‘rtog‘im bajonidil mashina sovg‘a qildi. Men u kishidan cheksiz mehri uchun qarzdorman.
Odil aka Abdurahimov boshchiligidagi shifokorlar Muzaffar Malikov, Muhiddin Xudoyberdiyev, Otabek Nig‘monov, Doniyor Ishoqovdan minnatdorman. Har qanday chet ellik mutaxassislardanda kuchli bu vrachlarning menga qilgan in’omini, mehnatini, ehsonini qadrlayman. Ushbu muassasada davolangan boshqa bemorlar bilan ham muloqotda bo‘lib turaman, ularning nomidan ham yuksak minnatdorlik izhorini yetkazmoqdaman.
Oqila Turobova,
faxriy o‘qituvchi.
O‘zA