O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov milliy adabiyotimiz rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ijodkor, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Adabiyotshunoslar shoirni g‘azal janrining chinakam davomchisi, deydilar. Vatanga muhabbat, ona diyor istiqboliga ishonch Erkin Vohidov ijodining eng muhim jihatidir.
U 1936 yilning 28 dekabrida Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida o‘qituvchi oilasida tug‘ilgan. Toshkent Davlat universitetining (hozirgi O‘zbekiston Milliy davlat universiteti) filologiya fakultetida tahsil olgan. O‘qishni tamomlagach, turli gazeta va jurnallar, nashriyotlar tahririyatlarida ishlagan. “Yoshlik” jurnalining birinchi bosh muharriri bo‘lgan edi.
Erkin Vohidovni fuqarolik pozitsiyasi yorqin ifodalangan shoir, deb ham ataydilar. Uning she’rlari kelajak avlod taqdiri uchun xavotirga to‘la, muallif zamonaviy hayotning chuqur ma’naviy va axloqiy jarayonlarini tushunishga intiladi.
Adabiyot bilimdonlari Erkin Vohidovning muhabbatga yo‘g‘rilgan she’rlari ham e’tiborga loyiqligini e’tirof etadilar.
“O‘zbegim” qasidasida shoir xalqning eng qadrli yutug‘i – Vatan erkinligi va mustaqilligini tarannum etadi. Shoirning “Tong nafasi”, "Qo‘shiqlarim sizga”, "Yurak va aql", "Nido", "Lirika", "Palatkada yozilgan doston”, "Yoshlik devoni”, “Charog‘bon”, “Tirik sayyoralar”, “Sharqiy qirg‘oq” kabi she’riy to‘plamlari adabiyot muxlislarining ko‘ngil mulkiga aylangan. Ayni paytda “Kelajakka maktub”, “Muhabbat”, “Zamonaviy yoshlar”, “Iztirob” , “Achchiq haqiqat yaxshi...” kabi to‘plamlari she’riyat muxlislarining ardog‘idagi asarlardir.
Ijodkorning “Oltin devor”, “Istanbul fojiasi”, “Ikkinchi tumor” kabi asarlari teatrlarimiz repertuarini ham, tomoshabinlar ma’naviyatini ham boyitishga xizmat qilgan spektakllardir.
Ustoz shoir milliy she’riyatimizda ham o‘ziga xos maktab yaratgan ijodkordir. Gyotening «Faust» asarini, Yesenin she’rlari, F. Shiller, Iqbol, Ulfat, R. Hamzatov, L. Ukrainka, A. Blok va boshqa turli xalqlar shoirlari asarlarini ham o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Erkin Vohidov asarlari nemis, fransuz, rus, ingliz, urdu, hind, arab va qardosh turkiy xalqlar tillarida nashr etilgan.
Keyingi yillarda ustoz shoir ijodini mukammal o‘rganish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ustoz tavalludining 80 yilligi mamlakatimiz miqyosida keng nishonlandi. Marg‘ilonda tashkil etilgan Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi adabiyotga mehri baland yoshlarni o‘z safiga birlashtirgan. Nozikta’b shoirning "Adiblar xiyoboni"da qad rostlagan muazzam haykali atrofida endilikda mushoiralar, adabiy gurunglar, muloqot va qizg‘in suhbatlar avjida.
Aslida shoirlik murakkab qismat. Uning mashaqqati eng yaqin insonlargagina ayondir. 2019 yili Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida ardoqli shoirimizning umr yo‘ldoshi Gulchehra opa Vohidovaning "Fidokorona xizmatlari uchun" ordeni bilan taqdirlanishi ana shu zahmatli mehnatning yana bir e’tirofidir. Zero, shoirning mehrli satrlari ilhomchisi, safdoshi, ishonchli do‘sti ham aynan Gulchehra opadir.
Davlatimiz rahbari "Ulug‘ shoirimizning “Inson” qasidasi benazir asar. Uni bir qancha tillarga tarjima qilib, kuyga solib qo‘shiq qilib aytinglar. Hozir ham inson g‘oyasi qanchalar noyob va aziz ekanligini odamlar, yoshlar bilsin” deb ezgu ma’rifiy tashabbusni ilgari surganida ham qancha-qancha ma’no mujassam.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining 75 yilligiga bag‘ishlangan butunjahon yirik onlayn tadbirida Erkin Vohidovning “Inson qasidasi” sakkiz tilda -- o‘zbek, qozoq, turk, arab, ingliz, rus, italyan va tojik tillarida dunyoning mashhur san’atkorlari ijrosida yangradi. Insoniyatni global xatarlardan, manmanlik, kibrdan, o‘z-o‘ziga choh qazishdan ogoh etuvchi go‘zal badiiy bong edi bu aslida.
Ha, ustoz shoirimiz bugun ham o‘zining uyg‘oq, donishmand satrlari, bashoratgo‘y so‘zlari, millatimizga, ona tilimizga cheksiz mehriyu hurmati, kelajakka tikilgan ziyrak nigohi, odamzodni ezgulik sari chorlashi bilan mudom barhayotdir.
N.Usmonova, O‘zA