Poytaxtimizdagi O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida Kinematografiya agentligi buyurmasi asosida “O‘zbekfilm” kinokonserni tomonidan suratga olingan “Umida” (“Fudziyama haqida tush”) nomli badiiy filmning premerasi bo‘lib o‘tdi.
Aytish kerakki, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, atoqli rejissyor Zulfiqor Musoqov tomonidan tasvirga olingan ushbu kartina kino muxlislarida katta qiziqish uyg‘otdi. Aslida Zulfiqor Musoqovning filmlari vaqt ham, e’tibor ham sarflab, hafsala bilan, astoydil tomosha qilishga va shu asnoda chuqur mulohaza yuritishga arzigulik kartinalar bo‘lgani sababli yangi film taqdimotida zal tomoshabinlar bilan liq to‘la edi.

– Zulfiqor Musoqov ortiqcha reklamalarga ehtiyoj sezmaydigan, o‘zbek kinosida o‘ziga xos mavqega ega bo‘lgan nomdir, kinomuxlislar mehrini qozongan ijodkordir, – dedi Kinematografiya agentligi bosh direktori, taniqli adabiyotshunos olim Shuhrat Rizayev. – Uning “Osmondagi bolalar –1, 2, 3”, “Vatan”, “Qo‘rg‘oshin”, “Berlin – Oqqo‘rg‘on”, “Novda”, “Kichkina tabib”, “Bomba”, “Abdullajon” kabi filmlarini tomoshabin qiziqish, entikish bilan ko‘radi. “Umida” badiiy filmi ustida Zulfiqor Musoqov ko‘p ishladi. Bildirilgan mulohazalarni inobatga olib, filmni yanada boyitdi. Bu orqali rejissyorning chanqoqlik bilan mehnatga munosabatda bo‘lishini yana bir bor ko‘rish mumkin. Hademay, Prezidentimizning mazkur saroyga tashrif buyurib, kinoijodkorlar bilan uchrashganlariga bir yil to‘ladi. Nazarimda Zulfiqor Musoqovning ushbu yangi kartinasi ana shu uchrashuvda belgilangan vazifalarni ado etish yo‘lidagi bir qadamdir.
Film muallifining o‘zi premera chog‘ida biroz kamgap bo‘ldi.
– Kinochilar sal irimchiroq bo‘lishadi, – dedi Zulfiqor Musoqov. – Men juda qisqa fikr bildirmoqchi edim. Tomoshabinlarimizga ushbu film premerasiga tashrif buyurganlari uchun minnatdorlik bildiraman. O‘ylaymanki, film ularga manzur bo‘ladi.

Darhaqiqat, taniqli rejissyorning navbatdagi ijod mahsuli bo‘lgan “Umida” (“Fudziyama haqida tush”) filmi tomoshabinlarni befarq qoldirmaydi. Unda mohir psixolog Umida G‘aniyevaning odamlarga yordam berish, ular dardini tinglay olish, muammolari, mushkulotlariga yo‘l topish yo‘lidagi zahmatli mehnatlari, intilishlari g‘oyat ta’sirli tarzda ko‘rsatib berilgan. Bolalikdan odamlar dardini tinglay olish, uni o‘z muammolari deb qabul qilishga odatlangan Umida hayotda og‘ir va murakkab ahvolga tushib qolgan har bir insonga qo‘lidan kelganicha ko‘mak beradi. Yaponiyadagi Fudziyama tog‘ini zabt etishni bolalikdan astoydil istagan Umida tushida doim ushbu cho‘qqi sari yo‘lga chiqqanini ko‘rardi.
Ha, bugungi kunda o‘zgalarning dardiga sherik bo‘lish, ularning muammolarini tinglay olish, ko‘makka muhtoj insonlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish rosti, har kimning ham qo‘lidan keladigan ish emas. Lekin mahoratli psixolog Umida G‘aniyeva bunday og‘ir va o‘ta mas’uliyatli yumushning uddasidan chiqa olgandi. Shu sababli ham u qaysidir ma’noda o‘zi orzu etgan baland cho‘qqilarni allaqachon zabt etib ulgurdi, desak yanglishmaymiz.
Ushbu filmning ssenariy muallifi va postanovkachi rejissyori – Zulfiqor Musoqov. Filmning postanovkachi operatori – Azizbek Orziqulov. Kartinada asosiy rollarni Feruza Saidova, Karim Mirhodiyev, Otabek Musayev, Mahliyo Asqaraliyeva, Ra’no Shodiyeva, Bobur Yo‘ldoshev, Bahriddin Abdullayev, Fotima Rejametova, Ubaydullo Omon, Nigora Karimboyeva singari aktyorlar ijro etgan.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri.
--0--