Ulushli qurilishlarning huquqiy asosi mustahkamlanmoqda
Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda dastlab “Ko‘p kvartirali uylar va boshqa ko‘chmas mulk ob’ektlarini ulush kiritish asosida qurish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Ma’lumki, bugungi kunda mamlakatimizda uy-joy sohasini izchil rivojlantirish va aholi uchun qulay bo‘lgan shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish maqsadida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Aholini munosib va arzon uy-joy bilan ta’minlash maqsadida qurilish sohasida tadbirkorlik sub’ektlari uchun qator zarur shart-sharoitlar yaratildi. Natijada so‘nggi 9 yilda mamlakatimizda qariyb 10 mingta yangi qurilish korxonasi ish boshladi. O‘tgan yillar mobaynida 647 ming xonadonli 15 mingdan ortiq ko‘p qavatli uy-joy barpo etildi.
Ammo shu bilan birga, bugungi kunda ulushli qurilishlarni topshirish muddatlari, ularning sifati, holati borasida muammolar bor. Qurilish boshlanib, yakuniga yetmasdan tashlab ketish holatlari uchrayapti. Bunga loyihaviy boshqaruv, moliyaviy boshqaruvning to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani kabilar ham sabab bo‘lmoqda.
Shu kabi masalalar hamda qurilish ishlari hajmi tez sur’atlarda o‘sishi ulush kiritish asosida ko‘p kvartirali uylarni qurish sohasidagi munosabatlarning huquqiy asoslarini mustahkamlashni talab etadi. Shu bilan birga, sohada vakolatli davlat organlarining, qurilish tashkilotlarining vazifalari, huquqlari va javobgarligini aniq belgilashni taqozo etmoqda.

Qayd etilganidek, ushbu qonun loyihasida ko‘p kvartirali uylar va boshqa ko‘chmas mulk ob’ektlar qurilishiga jismoniy va yuridik shaxslarning pul mablag‘larini jalb qilish tartibi, quruvchi qurilish ob’ektini elektron platformada ro‘yxatdan o‘tkazganidan so‘ng qurilish ob’ektini qurish uchun ulushdorlarning mablag‘larini jalb qilishi o‘z aksini topmoqda. Shuningdek, elektron platformada qurilish ob’ekti to‘g‘risidagi ma’lumot va hujjatlarni barcha uchun ochiq holda joylashtirish, ulush kiritish asosida qurilayotgan ob’ektlardan xonadon xarid qilish, shartnomalarni rasmiylashtirish onlayn ravishda ushbu elektron platforma orqali amalga oshirilishi belgilanmoqda.
Shu bilan birga, loyihada qo‘p kvartirali uylar va boshqa ko‘chmas mulk ob’ektlarini ulush kiritish asosida qurish sohasida davlat va jamoatchilik nazoratini olib borish tartibi nazarda tutilmoqda.
Loyihadagi normalar qurilishga ulush kiritishning amaldagi mexanizmini tubdan takomillashtirishga, ulushdorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini kafolatlashga, ulushli qurilishni moliyalashtirish mexanizmlarini aniq belgilashga hamda sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Muhokama va savol-javoblardan so‘ng qonun loyihasi qo‘llab-quvvatlandi.
Muhtarama Komilova, O‘zA