“Ulug‘bek xazinasi” romani ingliz tilida
O‘zbekiston xalq yozuvchisi, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi Odil Yoqubovning “Ulug‘bek xazinasi” tarixiy romanining birinchi qismi Andijon davlat chet tillar instituti doktoranti Abdullo Ro‘ziyev tomonidan ingliz tiliga tarjima qilindi.
Shu munosabat bilan Andijon davlat chet tillari institutida ingliz tilida chop etilgan “The Treasure of Ulugbek” nomli kitobning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda, institut rektori Dilshodbek Rustamov, professor-o‘qituvchilar, ulug‘ adib Odil Yoqubovning farzandlari, yaqinlari, adabiyot ixlosmandlari, shoir, yozuvchi va talaba yoshlar ishtirok etdi.

Unda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Andijon viloyati bo‘limi rahbari Xurshida Vahobjon qizi Odil Yoqubovning ibratli ijodiy va mehnat faoliyati, ustoz adib bilan bog‘liq xotiralari haqida so‘zladi. Adibning nafaqat ulug‘ ijodkor, balki kamtar, bag‘rikeng va samimiy inson, ustoz bo‘lganligini ta’kidladi.

Tadbirda Prezidentimiz tashabbusi bilan keyingi yillarda mamlakatimizda tarjimashunoslik borasida e’tiborga molik ishlar olib borilayotganligi, qator yozuvchilarimizning asarlari ingliz va boshqa xalqlar tillariga tarjima qilinganligi, xususan, Odil Yoqubovning “Ulug‘bek xazinasi” romanining ingliz tiliga o‘girilganligi ham ana shu yo‘nalishdagi ishlardan biri ekanligi qayd etildi.

Taqdimotda tarjimon Abdullo Ro‘ziyev kitobning tarjima jarayonlari, tarjimaning o‘ziga xos jihatlari, asarning badiiy ruhi va tarixiy muhitni ingliz tilida imkon qadar to‘liq aks ettirish bilan bog‘liq masalalar haqida gapirdi.

Tadbir davomida Odil Yoqubovning farzandlari, yaqinlari ulug‘ adibning ota sifatidagi fazilatlari, insoniyligi, adabiyotga bo‘lgan fidoyiligi xususidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Ularga tashrif uchun minnatdorchilik bildirilib, esdalik sovg‘alari topshirildi.
“The Treasure of Ulugbek” nomi bilan chop etilgan ushbu kitob “Amazon” platformasi orqali dunyo bo‘ylab muxlislarni o‘ziga jalb etmoqda. Qolaversa, asar tarjimasi o‘zbek adabiyotining xalqaro maydonda keng targ‘ib etish yo‘lidagi muhim qadamlardan bir bo‘ldi.
F. Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari