Ulug‘bek Qodirov "Lendok" kinofestivalida “Eng yaxshi erkak aktyor” mukofotiga sazovor bo‘ldi
Sankt-Peterburg shahrida o‘tkazilgan VII Xalqaro «Lendok» kinofestivalida (Lendoc Film Festival — LEFF) aktyor Ulug‘bek Qodirov “Eng yaxshi erkak aktyor” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi.
U mazkur mukofotga rejissyor Akbar Bekturdiyevning “O‘zbek arsloni” filmidagi bosh roli uchun sazovor bo‘ldi. Film ayrim xalqaro maydonlarda “Kazbek” nomi bilan ham namoyish etilgan.

Tarixiy-harbiy drama Ikkinchi jahon urushi yillarida Belarus hududida partizanlik harakatida ishtirok etgan, Sovet ittifoqi Qahramoni unvoniga sazovor bo‘lgan Mamadali Topvoldiyevning hayoti va jangovar faoliyati haqida hikoya qiladi.

Filmda qishloq yigitining urush davridagi sinovlari, partizanlar safiga qo‘shilishi, dushman ortidagi operatsiyalarda ishtiroki va urushdan keyingi hayoti aks ettirilgan.

“O‘zbek arsloni” filmi O‘zbekiston va Belarus kinoijodkorlarining hamkorlikdagi loyihasi hisoblanadi. Film rejissyori va ssenariy muallifi Akbar Bekturdiyev bo‘lib, ssenariy Jo‘rabek Ro‘zmetov va Igor Kostechenko bilan hamkorlikda yozilgan.
Filmning postanovkachi operatori — Husan Alijonov, postanovkachi rassomi — Akmal Saidov. Ulug‘bek Qodirov bilan birga Dirk Martens, Fotih Nasimov, Lola Usmonova va Adham Akramov filmda rol ijro etgan.
Festival Sankt-Peterburg shahrida o‘tkazilib, unda turli davlatlardan kelgan kinoijodkorlar va filmlar ishtirok etdi.
N.Usmonova,
O‘zA