Ulug‘ zotlar yodi mangu barhayot
Jizzaxda atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 104 yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Jizzax shahri markazidagi Sharof Rashidov xotira xiyobonida bo‘lib o‘tgan tadbirda shahar hokimligi, mehnat faxriylari, adabiyot va san’at namoyandalari, viloyat ahli hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Sharof Rashidov 1917 yil 6 noyabrda Jizzax shahrida tug‘ilgan. Jizzax pedagogika texnikumi, Samarqand davlat universitetining filologiya fakultetida o‘qigan. Faoliyatini Samarqand viloyati gazetasida boshlab, ushbu gazetaga muharrir bo‘lgan. 1942 yilda Ikkinchi jahon urushidan yarador bo‘lib qaytgan. Shundan so‘ng o‘ttiz yoshida respublikaning o‘sha paytdagi eng nufuzli nashri — “Qizil O‘zbekiston” gazetasiga muharrir etib tayinlangan. Sharof Rashidov shoir, yozuvchi va publitsist sifatida tanilgan. Uning “Chegarachi” dostoni, “Qahrim” she’rlar to‘plami, “Ikki dil dostoni” asari, “Bo‘rondan kuchli”, “Qudratli to‘lqin”, “G‘oliblar” kabi romanlari shuhrat qozongan. Atoqli adib 1949 yil O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi boshqaruvi raisi etib saylangan.
[gallery-4572]
U 1959 yil ya’ni 40 yoshida O‘zbekiston rahbari etib saylangan. Bu yuksak vazifada qariyb chorak asr fidoyilik bilan ishlagan.
–Sharof Rashidov juda murakkab va og‘ir yillarda mamlakatimiz taraqqiyoti yo‘lida fidokorona xizmat qilgan buyuk shaxs sifatida xalqimiz qalbida mangu yashaydi, — deydi yozuvchi, mehnat faxriysi Abdulla Ahmedov. – U kishi bir umr yurtimizning tinchligi yo‘lida mehnat qildi va shunga erishdi ham. Xalqimiz bu insonni hech qachon unutmaydi.
Tadbirda Jizzax shahar hokimligi, faxriylarni qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi shahar bo‘limi, korxona va tashkilotlar, oliy va o‘rta maxsus hamda xalq ta’limi tizimidagi muassasalar nomidan Sharof Rashidov haykali poyiga gulchambarlar qo‘yildi.
Atoqli davlat arbobi va adib xotirasiga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbir Jizzax shahridagi 10-umumta’lim maktabida davom etdi.
Jamshid YORBEKOV (surat), O‘zA