Ulugʻ allomalarni yetishtirgan Oʻzbekistonning bugungi kunda ham islom dini rivojiga qoʻshayotgan hissasi beqiyos
Samarqandda “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya taʼlimoti: oʻtmish va bugun” mavzusidagi xalqaro konferensiyaning yalpi majlisi davom etmoqda.
Samarqandda “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya taʼlimoti: oʻtmish va bugun” mavzusidagi xalqaro konferensiyaning yalpi majlisi davom etmoqda.
Majlis avvalida ishtirokchilarga Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, diniy-maʼrifiy sohani rivojlantirish, islom dini taraqqiyotiga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk allomalarimiz hayoti va faoliyatini oʻrganish, ular qoldirgan bebaho merosning mazmun-mohiyati, ahamiyatini targʻib etishga bagʻishlangan videolavha namoyish etildi.
Shundan keyin Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi Abdugʻafur Ahmedov, Eʼtiborli ulamolar kengashi bosh kotibi, professor Abdulloh Abdulgʻani Sarxan, Musulmon donishmandlari kengashi bosh kotibi Sulton Faysal Rumaysiy, “Al-Azhar” majmuasi rahbari maslahatchisi Abdurahmon Musa, “Al-Azhar” Islom tadqiqotlari akademiyasi bosh kotibi doktor Nazir Muhammad Ayyad maʼruzalari tinglandi.
Soʻzga chiqqanlar mazkur anjuman Alloh ulugʻlagan rajab oyida, tarixi buyuk yurtimizning betakror zamini, jahon madaniyati, xususan islom dini taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan Samarqandda oʻtayotgani oʻziga xos ramziy maʼnoga ega ekanini taʼkidladi. Moturidiylikning bashariyat sivilizatsiyasidagi oʻrni, “Al-Azhar” majmuasining islom merosi va ahli sunna eʼtiqodini saqlash, tinchlik va bagʻrikenglikni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan faoliyati va saʼy-harakatlari xususidagi maʼruzalar ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotdi.
Yangilanayotgan Oʻzbekistonning zamirida islom dinining insoparvarlik gʻoyalarini ilgari surish, diniy bagʻrikenglikni mustahkamlash, turli yot oqimlarga qarshi murosasiz munosabatda boʻlish kabi yondashuvlarga asoslangan hayotiy tamoyillari ezgulikni targʻib etadigan eng ilgʻor diniy va dunyoviy qarashlarga hamohang ekani eʼtirof etildi.
Jamoaviy peshin namozi va tushlikdan soʻng konferensiya oʻz ishini shoʻba yigʻilishlari bilan davom ettiradi.