Keyingi yillarda Namangan viloyatida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Namanganlik sportchilar o‘tgan 2024 yil hamda joriy 2025 yilning o‘tgan davrida respublika miqyosida ko‘plab musobaqalarda munosib ishtirok etdi.
Buning zamirida, albatta, yaratilgan sharoitlar va fidoyilarning mashaqqatli mehnati yotadi. Sohadagi amalga oshirilgan ishlar erishilgan yutuqlar va qolaversa rejalar haqida Namangan viloyati sport boshqarmasi boshlig‘i Akramjon Dadaboyev quyidagilarni so‘zlab berdi.

Namangan jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha respublikada peshqadam, namuna sifatida e’tirof etib kelinadi. Yurtimizda oliygoh, kollej va maktablar o‘rtasidagi uch bosqichli musobaqalar tizimiga aynan viloyatda start berilgani, o‘z vaqtida Namangan ketma-ket ikki martda “Respublikaning eng yaxshi sport viloyati” nomiga munosib ko‘rilgani buning yorqin isbotidir.

Bugungi kunda viloyatdagi 23 sport ta’lim muassasasi, 16 sport maktabi, to‘rtta ixtisoslashtirilgan sport maktabi, Namangan Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi, Uchqo‘rg‘on tumani voleybol sport turlariga ixtisoslashtirilgan davlat maktab internati, Namangan futbol akademiyasida faoliyat yuritayotgan tizim vakillari ayni xayrli an’analarni sharaf bilan davom ettirishga astoydil bel bog‘lagan.

Boshqarma tizimidagi sport maktablarida 69 mingdan ziyod sportchilarga boshchilik qilib kelayotgan 1 ming 235 nafar murabbiyning mashg‘ulotlardan ko‘zlangan maqsadi xalqaro miqyosdagi turli darajadagi turnirlarda O‘zbekiston dovrug‘ini yuksaltirishga qodir munosib chempionlarni tarbiyalashdir.

Bu boradagi uzoq istiqbolga mo‘ljallangan dasturiy rejalar ro‘’yobga chiqib, o‘z samarasini bera boshlagani tahsinga loyiq. Ayniqsa, Fransiyaning Parij shahri mezbonlik qilgan XXXIII-yozgi Olimpiya va XVII-Paralimpiya o‘yinlarida to‘qqiz nafar sportchimiz tomonidan jami 11 ta litsenziya qo‘lga kiritildi.
Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan Nurxon Qurbonova va Tolibboy Yo‘ldoshev (para yengil atletika), Kumushxon Xo‘jayeva (para dzyudo) ikkita oltin, bitta kumush va ikkita bronza medallariga sazovor bo‘ldi. Para pauerlifting bo‘yicha qatnashgan Ruxshona O‘ktamova yoshlar o‘rtasida jahon rekordini o‘rnatdi.

So‘nggi to‘rt yil mobaynida davlat byudjetidan ajratilayotgan mablag‘ 1,5 trillion so‘mdan 3 trillion so‘mga oshdi. Masalan, 2021 yilda 110,4 milliard so‘m ajratilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2024 yilda 196,8 milliard so‘mga yetib, 1,7 barobarga oshdi. Oxirgi uch yilda sakkizta yangi sport ob’ekti qurilib, mavjud to‘rtta maskanda rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Mahallalarda sportni ommalashtirish maqsadida esa 83 ta go‘shada universal, “Strret-Workout”, “Workout” singari zamonaviy sport maydonchalari barpo etildi.
Erishilayotgan yutuqlarda viloyatda faoliyat yuritayotgan 23 ta olimpiya sport federatsiyasi va bitta adaptiv sport assotsiatsiyasining faoliyati ham muhim o‘rin tutmoqda. Ularning tizimli va natijador ishlashiga ko‘maklashish maqsadida viloyat hokimining tegishli qarori asosida sportchilar yirik tadbirkorlar hamda tashkilot rahbarlarini rais sifatida biriktirilgan.
Viloyatda jismoniy tarbiya va sport ommaviyligini oshirishga qaratilgan 10 ming 366 ta sport tadbiri o‘tkazilib, ular orqali 1 million 90 ming nafar aholi, shundan 308 ming 207 nafari ayollar va qizlar qamrab olindi. Shuningdek, “Besh tashabbus olimpiadasi” musobaqalarida 7-30 yoshli 835 ming 684 nafar o‘g‘il-qiz sportga yo‘naltirildi. Mazkur musobaqalarda sportchilar tomonidan 12 ta oltin, 11 ta kumush va 10 ta bronza, jami 33 ta medal qo‘lga kiritilib, umumiy hisobda respublikada uchinchi o‘rin qayd etildi.
Xotin-qizlarni sport bilan shug‘ullanishlari uchun keng imkoniyat yaratish maqsadida “Namangan tajribasi” sifatida har bir shahar, tumanda kamida beshtadan, jami 70 ta ayollar sport salomatlik markazlari tashkil etildi. Hozirda ushbu markazlarga 2 ming 634 nafar ayol-qiz qamrab olindi.
O‘tgan yilgi muvaffaqiyatlar joriy yilda ham davom etish rejalashtirilgan. Bunda sport maktablarida sport guruhlari soni 4 ming 220 taga, shug‘ullanayotgan sportchilar soni 69 ming 624 nafarga, murabbiylar soni 2 ming 303 nafarga yetkazildi. Adaptiv sport turlarida esa guruhlar 139 taga, sportchilar esa 604 nafarga, murabbiylar 92 nafarga yetdi.
Birgina, shu yilning birinchi choragida bo‘lib o‘tgan 1 ming 316 sport musobaqasida 150 ming 138 nafar aholi, shu jumladan, 63 mingga yaqin xotin-qizlar ishtirok etganligi xalqimiz orasida sog‘lom turmush tarzi qaror topib borayotganligini anglatadi.
Joriy yil yakuniga qadar mo‘ljallangan rejalar ulkan. Birinchi navbatda, ommaviy sport musobaqalarini tashkil etish va o‘tkazish orqali 1 million 120 ming kishini qamrab, bunda aholi qamrovini 38 foizga oshiriladi. Adaptiv sport turlari bo‘yicha nogironligi bo‘lgan 3 ming 200 shaxs sportga jalb qilinadi. Sport-ta’lim muassasalarida muntazam shug‘ullanuvchi yoshlar 43 mingga yetkaziladi.
Shuningdek, sport infratuzilmasi yaxshi rivojlanmagan hamda olis va chekka hududlarda joylashgan 28 ta mahallada namunaviy sport maydonchalari barpo etiladi. Har 10 ta mahallada kamida bitta zamonaviy xususiy sport klubi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Namanganning “tashrif qog‘ozi” sanalgan 64-xalqaro “Gullar festivali” doirasida erkin va yunon rum kurashi, qo‘l jangi, shaxmat, tennis sport turlari bo‘yicha bir qator nufuzli xalqaro musobaqalar tashkil etish reja qilingan.
Eng katta maqsad, 2028 yilda AQSH mezbonlik qiladigan XXXIV-yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmalar sonini avvalgi olimpiadalarga nisbatan oshirishdir. Ayni vaqtda o‘q otish sport turi bo‘yicha Muhammad Kamolov va Muxtasar Tohirova, yunon-rum kurashi bo‘yicha Shermuhammad Sharifjonov va Aram Vardanyan yo‘llanma uchun milliy terma jamoa tarkibida nufuzli turnirga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Umuman olganda, dunyo sportidagi birinchi raqamli ushbu musobaqada Namangan viloyatidan 7 ta olimpiya sport turidan 15 nafar, sakkizta adaptiv sport turidan 17 nafar sportchi litsenziyalarni qo‘lga kiritishi rejalashtirilgan.
Viloyatda shahar, tuman kesimida har bir sport maktabi bo‘yicha aniq maqsadlarni o‘z ichiga olgan uch yillik dastur ishlab chiqilib, tegishli hudud hokimlari mas’ulligi belgilab qo‘yildi. Unda asosan olimpiya va paralimpiya harakatini rivojlantirish, sportda seleksiya va ta’lim tizimini takomillashtirish, jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish ko‘zda tutilgan.
Oqilxon Dadaboyev, yozib oldi, O‘zA.