Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Bator shahrida dzyudo bo‘yicha o‘tkazilgan "Katta dubulg‘a" turkumiga kiruvchi nufuzli turnir yakunlandi. Unda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 1 tadan oltin va kumush medaliga ega chiqib, 28 davlat orasida 4-o‘rinni egalladi.
Uch kun davom etgan musobaqada Abdurahim Nutfulloyev (-66 kg.) so‘nggi hal qiluvchi final bahsida jahon reytingi peshqadamlaridan biri, “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlarining bronza medali sovrindori Denis Viyeru (Moldova) ustidan g‘alaba qozondi va “Katta dubulg‘a” turkumiga kiruvchi turnirlardagi ilk oltin medalini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, ushbu muvaffaqiyat unga 1000 ochko ham keltirdi. Natijada polvonimiz jahon reytingida 64-pog‘onadan 29-o‘ringa ko‘tarilib oldi.

Turnirning -90 kilogrammgacha bo‘lgan bahslarida ishtirok etgan Umar Bozorov esa finalga qadar barcha raqiblarini yengib, kumush medal hamda 700 ochko bilan taqdirlandi. Bu bilan dzyudochimiz jahon reytingining 23-o‘riniga yuqoriladi.

Mazkur musobaqada umumjamoa hisobida Yaponiya terma jamoasi 6 ta oltin va 3 tadan kumush hamda bronza medali bilan birinchi, mezbonlar 3 ta oltin, 1 ta kumush va 7 ta bronza bilan ikkinchi, IJF bayrog‘i ostidagi dzyudochilardan iborat jamoa esa 1 oltin, 2 kumush va 7 bronza bilan kuchli uchlikni yakunlab berdi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA