Ukrainalik tadbirkorlar Surxondaryoda
Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov Ukrainaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Nikolay Doroshenko boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Mehmonlar viloyatga sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, chorvachilik sohasida Ukraina imkoniyatlari taqdimotini o‘tkazish, xorijiy investitsiya va texnologiyalar ishtirokidagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yo‘nalishlarini o‘rganish maqsadida kelgan.
Uchrashuvda voha sanoatining turli sohalarida investitsiya loyihalarini amalga oshirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash, chorvachilik va parrandachilik tarmoqlarida aloqalarni rivojlantirish, ta’lim va tibbiyot sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
O‘tgan yili Surxondaryo viloyatidan Ukrainaga 678 ming dollar miqdoridagi mahsulotlar eksport qilingan. Janubdagi vohaga 2 million 374 ming dollarlik mahsulotlar importi amalga oshirilgan. Viloyatdan asosan meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari yuborilgan bo‘lsa, Ukrainadan sanoatning turli yo‘nalishlari uchun zamonaviy texnologik jihozlar, kimyoviy vositalar va dori mahsulotlari olib kelingan.
Ukrainalik mehmonlar joriy yil 1 aprelgacha viloyatda bo‘lib, Angor, Jarqo‘rg‘on, Sherobod, Sho‘rchi, Oltinsoy, Denov va Sariosiyo tumanlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va qayta ishlash korxonalari faoliyati bilan tanishishni, o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan bir qator kelishuvlarga erishishni mo‘ljallamoqda.
Delegatsiya azolari Termiz tumanidagi “Gold Dried Fruits Export” qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, “ZIF Textile” tikuvchilik korxonalari, “Termiz Cargo Centre” xalqaro logistika markazi bilan yaqindan tanishdi. Milodiy I-III asrlarga oid Fayoztepa budda ibodatxona majmuasida bo‘ldi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA