Ukrainalik qochoqlar haydab chiqarilmaydi...
Rossiya-Ukraina
AQSH Rossiyaga Ukrainadagi ziddiyatni to‘xtatish bo‘yicha bosim o‘tkazishni davom ettirmoqda. Zero, bu mamlakatda vaziyat keyingi paytda og‘irlashmoqda. Bu fikrni Qo‘shma Shtatlarning BMTdagi doimiy vakolatxonasi rahbari o‘rinbosari Robert Vud bildirgan.
– Ukrainada vaziyat yomon, yaxshilanmayapti, – dedi diplomat BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida chiqish qilib. – Biz Ukrainadan qo‘shinini olib chiqib ketishini talab qilib, Rossiyaga bosim o‘tkazishimiz kerak.
Turkiya hukumati Ukrainada otashkesinni to‘xtatishni ta’minlashda faol bo‘lishga tayyorligini yana bir bor tasdiqladi. Bu haqda Milliy mudofaa vaziriligi bayonotida aytilgan.
– Mintaqa va butun dunyo xavfsizligi uchun jiddiy tahdid hisoblangan Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi voqealar rivojini diqqat bilan kuzatib kelyapmiz, – deyiladi hujjatda. – Biz ayni hududda mustahkam tinchlik o‘rnatish, gumanitar inqirozni yumshatish uchun sa’y-harakatni davom ettirishga tayyormiz.
Finlyandiya Prezidenti Sauli Niinistyo Ukrainadagi nizo keskinlashib ketayotganidan, yadro quroli qo‘llanishi ehtimoli oshib borishidan xavotirga tushayotganini bildirdi.
“Keng miqyosdagi urush xavfi mavjud, vaziyat yadro qurolidan foydalanilishi bilan bog‘liq”, deya ta’kidladi davlat rahbari jurnalistlar bilan uchrashuvda.
Avstriya, hatto, Kiyev talab qilgan holda ham, mamlakatda qolayotgan ukrainaliklarni deportatsiya qilmaydi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi vakili “Express” portaliga ma’lum qildi.
Xabarda aytilishicha, hozir bu mamlakatda harbiy xizmatga loyiq, 18-54 yosh orasidagi 14 ming ukrainalik qochoq qayddan o‘tgan. Avstriyadagi jami 101 ming ukrainalik qochoqdan 67 ming nafari ayol.
AQSH hukumati yaqin orada Kiyevga yana kassetali o‘q-dori yetkazib berishni rejalamoqda, deya xabar berdi o‘z manbalariga tayanib “The New York Times” nashri.
G7 mamlakatlari parlament spikerlari Tokioda uchrashib, Ukrainadagi vaziyatni muhokama qilishmoqchi. Yig‘ilishda Ukraina Radasi spikeri Ruslan Stefanchuk ham qatnashadi, deb yozdi “Kiodo” agentligi.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy telefon muloqoti chog‘ida Tel-Avivning Kiyevga gumanitar yordam berishi masalasini muhokama qilgan.
“Tomonlar Isroilning Ukrainaga, shu jumladan, ushbu mamlakatdagi ukrainalik qochoqlarga yordam ko‘rsatish, xususan, havo trevogasi to‘g‘risida kechiktirmay hamkorlarni xabardor qilish singari masalalarni ko‘rib chiqishgan”, deyiladi Isroil hukumati matbuot xizmati tarqatgan bayonotda.
Ukrainaga raketa yetkazib berilayotgani uchun, Britaniyaning shunday mahsulot ishlab chiqaradigan “Storm Shadow” va “Brimstone” zavodlarining 50 nafar ishchisi 11 sentyabrda ish tashlashini e’lon qildi. Bu haqda “The Guardian” ma’lum qildi.
Aksariyat amerikaliklar Ukrainaning Rossiyaga qarshi olib borayotgan harbiy harakatini qo‘llamayapti, ammo AQSH ma’muriyati o‘z saylovchilari xohish-istagiga qarshi “aksildemokratik loyiha”ni amalga oshirishda davom etmoqda. Bu haqda amerikalik telejurnalist Taker Karlson bilan suhbatda Vengriya fundamental huquq markazi direktori Mikloshem Santo aytib o‘tgan.
Ukraina Bosh vaziri Nikolay Azarov Qurolli kuchlarning yil oxirigacha yo‘qotishi miqdori 500 ming kishidan oshib ketishini taxmin qilgan.
Abror XON,
O‘zA