Ukrainada ayrim davlat saytlari ishlamay qoldi
Moskva vaqti bilan soat 17.30 dan boshlab Oliy Rada, Vazirlar Mahkamasi, Ukraina Xavfsizlik xizmati, Tashqi ishlar vazirligi va boshqa bir qator davlat idoralarining veb-saytlari o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Prezident sayti esa ishlayapti. Rasmiylar hozircha vaziyatga izoh bergani yo‘q.
Yanvar oyida Ukraina Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Oleg Nikolenko TIV va boshqa bir qator davlat idoralari veb-saytlari xakerlar hujumi tufayli vaqtincha ishlamay qolganini aytgan edi. Ta’lim va fan vazirligi sayti bosh sahifasida mamlakat fuqarolarining barcha shaxsiy ma’lumotlari ommaviy tarmoqqa yuklangani haqida xabar e’lon qilindi. Soha mutasaddilari fikricha, shaxsiy ma’lumotlar xakerlik hujumi tufayli sizib chiqmagan, aksariyat saytlar allaqachon tiklangan.
Ukraina Maxsus aloqa va axborotni himoya qilish davlat xizmati rahbari o‘rinbosari Viktor Jora davlat veb-saytlari so‘nggi to‘rt yildagi eng kuchli xakerlik hujumiga uchraganini, vaziyatga oydinlik kiritishga Kiyevning xalqaro hamkorlari ham qo‘shilganini bildirdi.
Fevral oyi oxirida Ukraina Madaniyat vazirligi qoshida faoliyat yurituvchi Strategik aloqa va axborot xavfsizligi markazi Mudofaa vazirligi, Qurolli kuchlar, shuningdek, Privatbank va Oschadbank saytlariga ham xakerlar hujum uyushtirganini e’lon qilgandi. Keyinroq mamlakat Davlat maxsus aloqa xizmati bank resurslaridan foydalanish qayta tiklanganini aytdi. Ukraina axborot vaziri Mixail Fedorov DoS hujumining dastlabki vektori “Rossiya Federatsiyasi va Xitoydan kelganini” uqtirdi.
RF Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiyaning hech qanday DoS hujumiga, jumladan, Ukrainaga aloqasi yo‘qligini ta’kidladi.